Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «St Wonderful» kompaniyasi prezidenti Fan Syaojun bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
«St Wonderful» shaharsozlik, mehmonxona biznesi, turizm va zamonaviy ko‘ngilochar infratuzilmani yaratish sohalarida loyihalarni amalga oshiruvchi yirik kompaniya hisoblanadi.
Muzokaralar davomida tomonlar amaldagi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, xususan, Yangi Toshkentda «Beijing» mehmonxonasini qurish, Toshkent viloyatida akvapark va ko‘ngilochar majmua yaratish, shuningdek, Toshkent shahrida keng ko‘lamli «Wonderful city» loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Investitsiyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy aloqalarni chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.