06 oktabr 2026

Qozog‘istonning G‘arbiy Qozog‘iston viloyati va O‘zbekiston hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekistonning Oqtau shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari G‘arbiy Qozog‘iston viloyati akimi Nariman Toregaliyev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlik, savdo-iqtisodiy, turizm va madaniy aloqalar masalalari ko‘rib chiqildi. G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo hajmi 41 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Uchrashuvda O‘zbekistonga tegishli katta hajmdagi yuklarning G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hududi orqali tranzitini ta’minlash, shuningdek, ularning tezkor va xavfsiz harakatlanishini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Joriy yil oxiriga yaqin asosiy xalqaro “Sirim” chegara bojxona postini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanishi kutilmoqda. Bu yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish imkonini beradi.

Nariman Toregaliyev O‘zbekiston hududlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirilayotganini ta’kidlab, viloyat ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish niyatini ma’lum qildi.

Turizm sohasidagi aloqalar ham jadal rivojlanayotgani qayd etildi. Joriy yilda O‘ral–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshirildi. Yaqin vaqt ichida mazkur yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, O‘ral shahrida O‘zbekiston Savdo uyini ochish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida O‘zbekiston eksport mahsulotlarini realizatsiya qilish uchun Savdo uyini tashkil etish va savdo-iqtisodiy operatsiyalar hajmini yanada oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Bosh konsulxona vakillari, shuningdek, “Atameken” hududiy tadbirkorlar palatasida G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining mahalliy biznes vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda oziq-ovqat sanoati, chorvachilik, ishlab chiqarish va neft-kimyo sohalarida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlar ishtirok etdi.

Qozog‘istonlik tadbirkorlar O‘zbekiston tadbirkorlari bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi. O‘ral shahridagi “ALNAT” korxonasi vakillari kolbasa mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib chiqish hamda mamlakatimizda kompaniya ochish niyatida ekanini ma’lum qildi.