O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
2019-YIL 22-OKTABR,
O‘RQ-573-SON
VALYUTANI TARTIBGA SOLISH TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda ma’qullangan
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik
Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining valyutaga oid yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
valyuta kursi — chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasi valyutasiga nisbatan kursi;
valyutani nazorat qilish — valyutani nazorat qiluvchi organlarning valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan faoliyati;
valyuta operatsiyalari — valyuta qimmatliklariga bo‘lgan mulk huquqining va boshqa huquqlarning o‘tishi bilan bog‘liq operatsiyalar, valyuta qimmatliklaridan to‘lov vositasi sifatida foydalanish, valyuta qimmatliklarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, jo‘natish va o‘tkazish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish, jo‘natish va o‘tkazish, rezidentlar va norezidentlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi valyutasidagi operatsiyalar;
valyutani tartibga solish — valyuta qimmatliklarining muomalada bo‘lish tartibini, valyuta qimmatliklariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish qoidalarini belgilash yuzasidan valyutani tartibga solish organining faoliyati;
valyuta qimmatliklari — chet el valyutasi, nominali chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qog‘ozlar va to‘lov hujjatlari, norezidentlar tomonidan chiqarilgan, nominalga ega bo‘lmagan qimmatli qog‘ozlar, sof quyma oltin;
chet el valyutasi — muomaladagi hamda chet davlat (chet davlatlar guruhlari) hududida naqd to‘lovning qonuniy vositasi bo‘lgan pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilayotgan yoki muomaladan chiqarilgan, ammo almashtirilishi lozim bo‘lgan pul belgilari, chet davlatlarning (chet davlatlar guruhlarining) pul birliklarida hamda xalqaro pul birliklarida yoki hisob-kitob birliklarida bank hisobvaraqlarida va omonatlarida turgan mablag‘lar;
chet el valyutasi bilan bog‘liq bo‘lgan hosilaviy moliya vositalari (valyuta derivativlari) — chet el valyutasini sotib olish va sotish bo‘yicha shartnomalar bo‘lib, ushbu shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish muayyan muddat o‘tgach yoki chet el valyutasining miqdoriga yoxud uning kursi o‘zgarishiga qarab amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi valyutasi (milliy valyuta) — O‘zbekiston Respublikasining pul birligi (so‘m).
5-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari
Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;
valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan barcha yuridik shaxslar, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasida va undan tashqarida joylashgan filiallari va vakolatxonalari, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi diplomatik, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, qarorgohlari O‘zbekiston Respublikasida joylashgan xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi rezidentlaridir (bundan buyon matnda rezidentlar deb yuritiladi).
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq rezident tushunchasi doirasiga kirmaydigan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi norezidentlaridir (bundan buyon matnda norezidentlar deb yuritiladi).
2-BOB. VALYUTANI TARTIBGA SOLISH
7-modda. Valyutani tartibga soluvchi davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyutani tartibga soluvchi davlat organidir (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi).
Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida:
norezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida, shuningdek rezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida amal qilinishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini belgilaydi;
valyuta birjalari faoliyatini litsenziyalaydi va tartibga soladi;
banklar uchun ochiq valyuta pozitsiyasining limitlarini belgilaydi;
umum e’tirof etilgan xalqaro amaliyotga muvofiq valyuta operatsiyalarining va tashqi sektorning statistikasini tayyorlaydi hamda e’lon qiladi;
rezidentlar va norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiyalarini monitoring qilish tartibini belgilaydi, shu jumladan valyutani nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi banklari uchun valyuta operatsiyalari hisobi va hisoboti shakllarini hamda ularni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi;
tashqi sektor statistikasini tuzish uchun barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilishi majburiy bo‘lgan valyuta operatsiyalarining hisobi va hisoboti shakllarini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasi banklarining valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchiligiga rioya etishga doir faoliyatini tartibga solishni va nazorat qilishni amalga oshiradi.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasida va uning tashqarisida valyuta operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish huquqiga ega.
8-modda. Valyuta kursi
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish bo‘yicha operatsiyalarda valyuta kursi chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib, shartnomaviy asosda belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi valyutasining chet el valyutasiga nisbatan kursini aniqlashda faqat bozor mexanizmlaridan foydalaniladi.
Markaziy bank chet el valyutasini sotib olish va sotish tartibini belgilashda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif asosida valyuta kursini aniqlash uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadi.
Markaziy bank valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik hisobotlar va boshqa hisobotlar maqsadlari uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida bojxona hamda boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblab chiqarish uchun valyuta kursini muntazam ravishda belgilab boradi.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar va to‘lovlar
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshiriladi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun tariflar, narxlar, shu jumladan milliy elektron savdo maydonchalaridagi shunday tariflar, narxlar, shuningdek yuridik shaxslarning ustav fondlari (ustav kapitallari) miqdorlariga doir talablar faqat O‘zbekiston Respublikasi valyutasida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida hollarda, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomalari doirasida jalb etiladigan chet el investitsiyalari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida yo‘l qo‘yiladi.
Davlat bojlari, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar faqat O‘zbekiston Respublikasi valyutasida undiriladi, bundan konsullik yig‘imlari mustasno.
10-modda. Rezidentlarning valyuta qimmatliklari va ulardan foydalanilishi
Rezident jismoniy shaxslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida:
o‘z mulkida O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan, o‘tkazilgan yoki jo‘natilgan, O‘zbekiston Respublikasida olingan yoki sotib olingan valyuta qimmatliklariga ega bo‘lishga va ulardan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishga;
nosavdo tusidagi xalqaro transchegaraviy pul o‘tkazmalarini amalga oshirishga;
valyuta qimmatliklarini qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga, o‘tkazishga va jo‘natishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishga, o‘tkazishga hamda jo‘natishga haqli.
Rezident yuridik shaxslar valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida:
o‘z mulkida valyuta qimmatliklariga ega bo‘lishga;
chet el valyutasini qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasidan o‘tkazishga haqli.
11-modda. Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish norezident majburiyatlarining quyidagilar orqali to‘liq yoki qisman bajarilishidir:
norezidentning majburiyatlari bo‘yicha pul mablag‘lari yoki tovar kelib tushishi (ishlar bajarilishi, xizmatlar ko‘rsatilishi);
norezidentning majburiyatini bir turdagi qarshi talablarni hisobga olish yo‘li bilan tugatish;
norezidentning tomonlar o‘rtasidagi mavjud dastlabki majburiyatini xuddi o‘sha shaxslar o‘rtasidagi boshqa predmetni yoki bajarish usulini nazarda tutuvchi o‘zga majburiyat bilan almashtirish yo‘li bilan tugatish;
sug‘urta to‘lovlarini olish.
Agar rezident norezidentga nisbatan talab qilish huquqidan boshqa rezident foydasiga voz kechsa, repatriatsiya qilish to‘g‘risidagi talabning bajarilishini ta’minlashga doir tegishli majburiyat talab qilish huquqini qabul qilgan rezidentga o‘tadi.
Rezident (norezident) tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlashi shart.
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati norezidentning majburiyatlari yuzaga kelgan sanadan e’tiboran 180 kundan oshib ketsa, mazkur operatsiya kapital harakatining operatsiyasi sifatida baholanadi.
Tashqi savdo operatsiyalarining bajarilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
111-modda. Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlamaganlik uchun javobgarlik
Norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran bir yuz sakson kun o‘tganidan keyin ko‘pi bilan qirq besh kunda (kichik tadbirkorlik subyektlari uchun to‘qson kunda) tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni repatriatsiya qilishni ta’minlamagan rezidentlar respublika budjeti daromadiga:
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran uch yuz oltmish kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 5 foiziga teng miqdorda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran uch yuz oltmish kundan besh yuz qirq besh kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 10 foiziga teng miqdorda qo‘shimcha ravishda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga to‘lov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan e’tiboran besh yuz qirq besh kun va undan ortiq muddatga kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 35 foiziga teng miqdorda qo‘shimcha ravishda jarima to‘laydi.
Yengib bo‘lmas kuch ta’siri yuzaga kelganda aktivlarni repatriatsiya qilish muddati yengib bo‘lmas kuchning ta’sir muddatiga uzaytiriladi. Yengib bo‘lmas kuch ta’siri holatlari yuz berganligi ushbu hodisa o‘zida sodir bo‘lgan davlatning qonunchiligiga muvofiq vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Eksportga oid kontraktning sug‘urta polisi bo‘yicha sug‘urta tovoni summasi rezidentlarning hisobvarag‘iga kelib tushganda (milliy va (yoki) xorijiy valyutalarda) jarima qo‘llash maqsadida mazkur eksportga oid kontrakt bo‘yicha debitor qarzdorlik summasi kelib tushgan sug‘urta tovoni summasiga kamaytiriladi.
Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini ta’minlamaganlik uchun jarimalar quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:
asbob-uskunalarni va (yoki) butlovchi qismlarni yetkazib berish muddatlari ularning texnik tavsiflariga hamda o‘ziga xos xususiyatiga qarab bir yuz sakson kundan ortiq etib belgilangan importga oid kontraktlar bo‘yicha yetkazib berish muddati davrida;
transportda tashish yoki saqlash chog‘ida taraflarga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yaroqsiz holatga kelgan tovarlar davlat organlari tomonidan yo‘q qilinganligini yoxud musodara qilinganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan berilgan hujjat taqdim etilgan taqdirda;
agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan loyihalar doirasida tuzilgan importga oid kontraktlarda yoki mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimlarni amalga oshirish doirasida boshqaruvchi qo‘mita tomonidan tasdiqlangan importga oid kontraktlarda belgilangan muddatlar buzilmagan bo‘lsa;
agar eksport operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlikning umumiy summasi muddati o‘tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan oldingi o‘ttiz olti oy ichida ta’minlangan valyuta tushumining 10 foizidan ortiq bo‘lmasa;
jarima qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud tomonidan hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ushbu Qonun talablariga muvofiq repatriatsiya qilingan aktivlar summasiga nisbatan.
Jarima to‘qson kunlik muddat ichida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha repatriatsiya qilingan aktivlar summasiga mutanosib ravishda o‘n kunlik muddatda ixtiyoriy tarzda to‘langan taqdirda, to‘langan jarima summasi rezidentga qaytariladi.
Sud hujjati qonuniy kuchga kirgan paytdan e’tiboran to‘qson kun ichida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlar to‘liq repatriatsiya qilingan taqdirda, to‘langan jarima qaytariladi, jarima qo‘llash to‘g‘risidagi ishni yuritish tugatiladi va majburiy undirish uchun ko‘rilgan barcha choralar bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxsning oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining 20 foizidan ortiq bo‘lgan jarimalarni undirish undirilishi lozim bo‘lgan summani undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran olti oy ichida to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib har oyda to‘lash imkoniyati berilgan holda amalga oshiriladi.
12-modda. Rezidentlarning hisobvaraqlari
Rezidentlar O‘zbekiston Respublikasining banklarida chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga haqli.
Rezident jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi banklarida va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida chet el valyutasida hisobvaraqlar hamda omonatlar ochishga haqli.
Rezident yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ulardan foydalanishga, basharti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining O‘zbekiston Respublikasi valyutasida yoki chet el valyutasida hisobvaraqlar ochish va ulardan foydalanish maqsadlari nazarda tutilgan qarorlari yoxud O‘zbekiston Respublikasining shunday xalqaro shartnomalari mavjud bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Rezident yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochganidan keyin ro‘yxatdan o‘tgan joydagi soliq organlarini hamda Markaziy bankni hisobvaraqlar ochilganligi (yopilganligi) to‘g‘risida va hisobvaraqlarning rekvizitlari o‘zgarganligi haqida, shuningdek ushbu hisobvaraqlardagi qoldiqlar va aylanmalar to‘g‘risida Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda har chorakda, hisobot choragi tugaganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan xabardor qilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlarining xo‘jalik faoliyatini yoki boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirmaydigan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi vakolatxonalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga hamda ushbu hisobvaraqlardan foydalanishga ularning xorijda bo‘lishi va faoliyat ko‘rsatishi davrida yo‘l qo‘yiladi. Ularning xorijda bo‘lishi yoki faoliyat ko‘rsatishi tugagach, hisobvaraqlar yopilishi lozim va hisobvaraqlardagi mablag‘larning qoldiqlari O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkaziladi.
Rezidentlar O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi yoki O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi banklardagi o‘z hisobvaraqlaridan O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi o‘z hisobvaraqlariga chet el valyutasini cheklovlarsiz o‘tkazish huquqiga ega.
13-modda. Norezidentlarning hisobvaraqlari
Norezidentlar O‘zbekiston Respublikasi banklarida chet el valyutasida va O‘zbekiston Respublikasi valyutasida bank hisobvaraqlarini ochishga va ulardan foydalanishga haqli.
Faoliyatni O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirish norezident yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bank hisobvaraqlarini ochishi va ulardan foydalanishi uchun majburiy talabdir.
3-BOB. VALYUTA OPERATSIYALARI
14-modda. Valyuta operatsiyalarining turlari
Valyuta operatsiyalari ichki va xalqaro (transchegaraviy) operatsiyalarga bo‘linadi.
Ichki valyuta operatsiyalari O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkaziladigan operatsiyalardir.
Xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari joriy xalqaro operatsiyalarga va kapital harakati (kapital o‘tkazmalari) operatsiyalariga bo‘linadi.
15-modda. Joriy xalqaro operatsiyalar
Joriy xalqaro operatsiyalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
tashqi savdoni, boshqa joriy faoliyatni yuritish, shu jumladan xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha to‘lovlar;
foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shu jumladan bank omonatlari, kreditlar, lizing bo‘yicha foizlar va boshqa daromadlar shaklida, shuningdek boshqa investitsiyalardan olinadigan sof daromad shaklida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar;
kreditni (qarzni) to‘lash davrida qarzning olingan, shartnomada ko‘rsatilgan to‘lash davrlari soniga nisbati sifatida hisob-kitob qilingan qismining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi summani to‘lash;
nosavdo tusidagi pul o‘tkazmalari.
Nosavdo tusidagi pul o‘tkazmalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
jismoniy shaxslar o‘rtasida yuz million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi pul o‘tkazmalari;
shaxsiy ehtiyojlar uchun tovarlarga (xizmatlarga, ishlarga) haq to‘lash;
ish haqi, stipendiyalar, pensiyalar, alimentlar to‘lash;
xodimlarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safariga yuborish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash;
ta’lim, davolanish va turizm uchun haq to‘lash;
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalari ta’minoti uchun haq to‘lash;
notarial va tergov harakatlari bilan bog‘liq to‘lovlar, shuningdek ishlarni sudlarda ko‘rish munosabati bilan davlat boji to‘lash;
sudning, arbitrajning, shuningdek tergov organlarining va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qarorlari asosida pul mablag‘larini to‘lash;
xalqaro kongresslarda, simpoziumlarda, konferensiyalarda, sport tadbirlarida va madaniy tadbirlarda, shuningdek boshqa xalqaro uchrashuvlarda, ko‘rgazmalarda va yarmarkalarda ishtirok etish uchun to‘lovlar, bundan investitsiyaga oid va moddiy xarajatlar mustasno;
vafot etganni dafn qilish bilan bog‘liq to‘lovlar;
mualliflik haqini to‘lash, patent bojlarini to‘lash va intellektual mulk sohasidagi litsenziya shartnomalarining majburiyatlari bo‘yicha haq to‘lash;
xalqaro notijorat tashkilotlarga badallar.
Joriy xalqaro operatsiyalar hamda ular bilan bog‘liq holda chet el valyutasini rezidentlar va norezidentlar tomonidan sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
16-modda. Kapital harakati operatsiyalari
Kapital harakati operatsiyalari jumlasiga joriy xalqaro operatsiyalar bo‘lmagan barcha xalqaro (transchegaraviy) valyuta operatsiyalari, shu jumladan quyidagilar kiradi:
investitsiya faoliyatini amalga oshirish, jumladan rezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan o‘z filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish;
kreditlar (qarzlar) olish va berish, lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
ko‘chmas mol-mulkni sotib olish va sotish;
chet davlatlardan mablag‘larni jalb etish hamda ularni chet davlatlardagi hisobvaraqlar va omonatlarga joylashtirish;
intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mutlaq huquqni to‘liq olish yoki sotish.
O‘zbekiston Respublikasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb etish va ularni repatriatsiya qilish, shuningdek to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini amalga oshirish munosabati bilan olingan huquqlardan foydalanish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi diplomatik va boshqa vakolatxonalarining ehtiyojlari uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ko‘chmas mulk obyektlarini olish va qurish bo‘yicha kapital harakati operatsiyalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar muomalasi, rezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish, shuningdek rezidentlar chiqargan qimmatli qog‘ozlarni norezidentlar tomonidan sotib olish tartibi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
17-modda. Rezidentlar o‘rtasidagi valyuta operatsiyalari
Rezidentlar o‘rtasidagi valyuta operatsiyalariga quyidagilar amalga oshirilayotganda yo‘l qo‘yiladi:
bojsiz savdo do‘konlaridagi hisob-kitoblar, shuningdek xalqaro tashishlarda transport vositalarining qatnov yo‘llarida yo‘lovchilarga tovarlarni realizatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish chog‘idagi hisob-kitoblar bilan bog‘liq operatsiyalar;
vositachilar (vakillar) tomonidan norezidentlar bilan tovarlarni topshirish, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, axborot va intellektual faoliyat natijalarini, ularga bo‘lgan mutlaq huquqlarni berish bo‘yicha shartnomalar tuzish hamda ularni bajarish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish chog‘ida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) o‘rtasidagi operatsiyalar, shu jumladan komitentlarga (ishonch bildiruvchilarga) pul summalarini (boshqa mol-mulkni) qaytarishga doir operatsiyalar;
tuzilgan shartnomalar asosida transport-ekspeditorlik xizmatlarini realizatsiya qilishdan ekspeditorlik kompaniyalarining hisobvarag‘iga xorijdan kelib tushayotgan chet el valyutasidagi mablag‘larni hisob-kitob qilishni va o‘tkazishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;
jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga xizmat safarlari amalga oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlarini to‘lash va ularning o‘rnini qoplash bo‘yicha operatsiyalar, shuningdek xizmat safarlari munosabati bilan berilgan, sarflanmay qolgan bo‘nakni qaytarishga doir operatsiyalar;
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo yoki hukumatlararo tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalariga hisob-kitoblarni va o‘tkazmalarni bajarishni nazarda tutuvchi operatsiyalar;
rezident jismoniy shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlardan boshqa rezident jismoniy shaxslar foydasiga ularning O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga nosavdo operatsiyalar bo‘yicha o‘tkazmalar;
transport tashkilotlari hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida turgan jismoniy shaxslar, shuningdek yuridik shaxslarning filiallari, vakolatxonalari va boshqa bo‘linmalari o‘rtasida yo‘lovchilar tashishga oid shartnomalar bo‘yicha hisob-kitoblar bilan bog‘liq operatsiyalar;
agar oxirgi xaridor yoki sotuvchi norezident bo‘lsa, vositachilar (vakillar) tomonidan majburiyatlar kliring natijalari bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan shartnomalarni tuzish va bajarish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish chog‘ida vositachilar (vakillar) va komitentlar (ishonch bildiruvchilar) o‘rtasidagi operatsiyalar;
majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida valyuta qimmatliklaridan foydalanish, shuningdek ularni undirish bilan bog‘liq operatsiyalar;
yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) valyuta qimmatliklarini kiritish va qaytarish bilan bog‘liq operatsiyalar;
bank xizmatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq operatsiyalar;
xayriya faoliyati bilan bog‘liq operatsiyalar;
meros huquqi bo‘yicha valyuta qimmatliklarini olish bilan bog‘liq operatsiyalar.
Rezidentlar o‘rtasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan valyuta operatsiyalari taqiqlanadi.
18-modda. Norezidentlar o‘rtasidagi valyuta operatsiyalari
Norezidentlar joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq o‘tkazmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi banklardagi hisobvaraqlaridan O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi bank hisobvaraqlariga yoki O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi bank hisobvaraqlaridan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi bank hisobvaraqlariga o‘zaro amalga oshirish huquqiga ega.
Norezident jismoniy shaxslar nosavdo tusidagi o‘tkazmalarni O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlaridan boshqa norezident jismoniy shaxslar foydasiga ularning O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochilgan hisobvaraqlariga amalga oshirishi mumkin.
Norezidentlar O‘zbekiston Respublikasining qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchiligida belgilangan talablarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlaridan O‘zbekiston Respublikasi banklaridagi hisobvaraqlariga qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarini o‘zaro amalga oshirishi mumkin.
19-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasini sotib olish va sotish
O‘zbekiston Respublikasi hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat O‘zbekiston Respublikasi banklari orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida banklararo valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish faqat O‘zbekiston Respublikasi banklari hamda Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
20-modda. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi banklarining huquq va majburiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi banklari O‘zbekiston Respublikasi banklarida hamda xorijiy banklarda vakillik hisobvaraqlariga va boshqa hisobvaraqlarga ega bo‘lishga, chet el valyutasini, shu jumladan valyuta derivativlarini bevosita o‘zlari o‘rtasida, o‘z mijozlari bilan, shuningdek valyuta birjasi orqali hamda xalqaro bozorlarda sotish va sotib olish operatsiyalarini o‘tkazishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi banklari valyuta operatsiyalarini, basharti valyuta operatsiyalarini bajarish uchun banklar talab etadigan tegishli hujjatlar rezidentlar va norezidentlar tomonidan taqdim etilsa, amalga oshirishi shart.
21-modda. Valyuta operatsiyalarini o‘tkazishga doir cheklovlar
Markaziy bank valyuta operatsiyalarini o‘tkazishga nisbatan:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida;
to‘lov balansining barqarorligiga tahdid mavjud bo‘lgan hollarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi bitimining Moddalari doirasidagi majburiyatlarga rioya qilgan holda cheklovlar joriy etishi mumkin.
Iqtisodiy xavfsizlikka tahdid yuzaga kelganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Markaziy bank bilan kelishgan holda valyuta operatsiyalarini o‘tkazishga doir cheklovlar joriy etishi mumkin.
Cheklovlarning amal qilish muddati ular joriy qilingan paytdan e’tiboran bir yildan oshishi mumkin emas. Cheklovlar belgilangan muddat o‘tgach, bekor qilingan deb hisoblanadi. Cheklovlarning amal qilishi muddatidan avval to‘liq yoki qisman bekor qilinishi mumkin.
22-modda. O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million so‘m ekvivalentdan ortiq bo‘lmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi banklari mustasno.
4-BOB. VALYUTA NAZORATI
23-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasida valyutani nazorat qiluvchi organlardir.
24-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlarning huquq va majburiyatlari
Valyutani nazorat qiluvchi organlar O‘zbekiston Respublikasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan o‘tkaziladigan valyuta operatsiyalarining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligiga taalluqli qismi bo‘yicha nazoratni o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar o‘z vakolatlari doirasida:
valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilikka rezidentlar va norezidentlar tomonidan rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni amalga oshirishga;
rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisob va hisobotlarining to‘liqligi hamda to‘g‘riligini tekshirishni belgilangan tartibda amalga oshirishga;
valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq hujjatlarni va axborotni so‘rab olishga;
valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish tartibini belgilashga;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida talabnomalar taqdim etishga hamda O‘zbekiston Respublikasidagi barcha rezidentlar va norezidentlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan boshqa choralarni ko‘rishga haqlidir.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar faqat o‘tkazilayotgan valyuta operatsiyasiga bevosita taalluqli bo‘lgan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishi mumkin.
Valyutani nazorat qiluvchi organlar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq o‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan tijorat, bank sirini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni saqlashi shart.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi banklari tomonidan o‘tkaziladigan valyuta operatsiyalari ustidan valyuta nazoratini amalga oshiradi.
25-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazish chog‘ida rezidentlar hamda norezidentlarning huquq va majburiyatlari
O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar quyidagi huquqlarga ega:
valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv materiallari bilan tanishish;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning harakatlari ustidan shikoyat qilish;
valyutani nazorat qiluvchi organlar va ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rni qoplanishi.
Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar:
valyutani nazorat qiluvchi organlarga so‘ralayotgan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi barcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarga tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek ularning natijalari bo‘yicha tushuntirishlar berishi;
valyuta operatsiyalarining hisobini yuritishi va hisobotlarni tuzishi, shuningdek ularning saqlanishini ta’minlashi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir talablarini (ko‘rsatmalarini, taqdimnomalarini) bajarishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarni tekshiruvlarni amalga oshirayotgan chog‘da ularning o‘z binolariga kirishini, hujjatlaridan va avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazalaridan foydalana olishini ta’minlashi shart.
5-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
26-modda. Valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisobdorlik
Valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish tartibi, ularning turlari, taqdim etilish shakli va muddatlari Markaziy bank tomonidan valyutani nazorat qiluvchi boshqa organlar bilan birgalikda ularning vakolatlari doirasida belgilanadi.
Jismoniy shaxslar chet el valyutasini sotib olish va sotish yuzasidan hisobotlar taqdim etmaydi.
27-modda. Nizolarni hal etish
Valyuta operatsiyalarini va valyuta nazoratini amalga oshirish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
28-modda. Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan norasmiy tarjimada taqdim etilgan;
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.