IJRO HUJJATLARI BO‘YICHA XATLANGAN MOL-MULKNI SHARTNOMA-VOSITACHILIK SHARTLARI ASOSIDA REALIZATSIYA QILISH TIZIMINI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI DD 20 – YANVAR, 2024-yil. VMQ 39-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING

QARORI

20 – YANVAR, 2024-yil.

VMQ 39-son

.

IJRO HUJJATLARI BO‘YICHA XATLANGAN MOL-MULKNI SHARTNOMA-VOSITACHILIK SHARTLARI ASOSIDA REALIZATSIYA QILISH TIZIMINI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tizimini samarali tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-son Farmoni 3-bandiga muvofiq 2024-yil 1-apreldan boshlab:

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi;

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish bo‘yicha savdo do‘konlarini tanlab olishda mol-mulkni Internet-do‘konlar orqali sotishni amalga oshiruvchi savdo tashkilotlariga ustunlik berilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki, 2024-yil 1-apreldan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk sotilishini ta’minlaydigan savdo tashkilotlari reyestriga (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) kiritilgan savdo tashkilotlari tomonidan realizatsiya qilinadi.

3. Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi:

a) 2024-yil 1-martga qadar:

ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan va sotuvga chiqarilgan mol-mulkning harakatlanishini monitoring qilishning elektron tizimini ishlab chiqsin hamda savdo tashkilotlari bilan integratsiya qilish imkoniyatlarini yaratsin, shuningdek, ijro hujjatlariga asosan mol-mulkni sotish bo‘yicha talablarni savdo tashkilotlari e’tiboriga yetkazsin;

Reyestrni shakllantirish va ishga tushirish choralarini ko‘rsin;

b) 2024-yil 1-aprelga qadar Reyestr quyidagi davlat organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilinishini ta’minlasin:

Adliya vazirligi — Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi — Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestri;

Soliq qo‘mitasi — savdo tashkilotlarining soliq qarzi mavjud emasligini tekshirish, shuningdek, savdo tashkilotlarini savdo qoidalariga rioya etganligini tekshirishga qaratilgan zarur ma’lumotlar bazasi;

Kadastr agentligi — Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi;

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati — savdo tashkilotlarining tizimda mavjud avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi.

5. Belgilab qo‘yilsinki:

Reyestr elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi;

Reyestrga mol-mulkni qabul qilishdan sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy etgan yuridik shaxslar ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi;

Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan yuridik shaxslar Reyestrga qo‘shimcha shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi.

6. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari rus tili matniga 2-ilovaning 5-pozitsiyasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Vazirlar Mahkamasining

2024-yil 20-yanvardagi 39-son qaroriga

ILOVA

Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu Nizom ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik asosida realizatsiya qilish, shuningdek, mol-mulkni qabul qilishdan sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish tartibini belgilaydi.

2. Mazkur Nizom ijro hujjatlari asosida xatlanib, elektron onlayn-auksion savdolari orqali yoki qonunchilikda belgilangan boshqa usulda sotilishi belgilangan mol-mulkka nisbatan tatbiq etilmaydi.

3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

axborot vositachisi — elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;

Byuro organlari — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari;

internet-do‘kon — Internet jahon axborot tarmog‘ida tashkil etilgan, mol-mulkni (ish, xizmat) sotish uchun axborot tizimi orqali sotuvchi va xaridorning o‘zaro aloqalarini ta’minlovchi elektron savdo maydoni;

mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimi — mol-mulkni savdo tashkiloti tomonidan qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimi;

savdo tashkiloti — shartnoma-vositachilik asosida mol-mulkni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs;

elektron tijorat — axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisi;

Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestri — elektron savdo maydonchalari orqali xizmat ko‘rsatish, tovarlarni yetkazib berish, elektron hujjat va xabarlarni elektron tijoratda saqlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar reyestri.

4. Ijro hujjatlariga asosan xatlangan mol-mulkni realizatsiya qiladigan savdo tashkilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda — Byuro) tomonidan yuritiladigan Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk sotilishini ta’minlaydigan savdo tashkilotlari reyestrida (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) aks ettiriladi.

5. Reyestr elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi.

6. Reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimini joriy etish majburiyatini olgan yuridik shaxslar kiritiladi.

7. Davlat ijrochisi quyidagi mol-mulklarni shartnoma-vositachilik asosida realizatsiya qilish uchun boshqa tashkilotlarga berishi mumkin:

qimmatli qog‘ozlar;

qimmatbaho metallar va qimmatbaho (yarim qimmatbaho) toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari, shuningdek, qo‘shimcha restavratsiya qilish talab qilinadigan qimmatbaho metallar va toshlar;

dori vositalari va tibbiy buyumlar;

neft mahsulotlari (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, mazut, pechka qoramoyi, neft bitumi, shuningdek texnik moylar va moylash materiallari), bundan zavodda idishlarga qadoqlanganlari mustasno;

mahsuldor mollar va ish mollari, asalari oilasi, yem-xashak, mineral o‘gitlar va pestitsidlar;

nasldor hayvonlar (qoramollar, qo‘ylar, echkilar, otlar, tuyalar, cho‘chqalar, shuningdek, parrandalar, baliqlar, asalarilar, ipak qurti, quyonlar, yovvoyi hayvonlar) va ularning naslli mahsulotlari (materiallari);

jun, bo‘rdoqi mollar, parrandalar, quyonlar, don, kanop va zig‘ir tolasi hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari;

teri, momiq-mo‘yna va qorako‘l xomashyosi;

foydalanib bo‘lmaydigan, ishdan chiqqan qora va rangli metallar, shuningdek, ushbu metallarning parchalari va chiqindilari;

fuqaroviy qurollar;

pochta markalari, shu jumladan, kolleksiya qilinadigan markalar;

foydalanilishi yoki sotilishi mumkin bo‘lmagan buyumlar, makulatura va ikkilamchi xomashyoning boshqa turlari;

sotish uchun alohida ruxsatnoma yoxud litsenziya talab qilinadigan boshqa mahsulotlar;

ko‘p yillik dov-daraxtlar (bog‘, poliz o‘simliklari).

Qonunchilikda belgilangan hollarda mazkur bandda ko‘rsatilmagan boshqa mol-mulklar ham shartnoma-vositachilik asosida realizatsiya qilish uchun boshqa tashkilotlarga berilishi mumkin.

8. Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk shartnoma-vositachilik shartlari asosida ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga asosan realizatsiya qilinadi.

2-BOB. IJRO HUJJATLARI BO‘YICHA XATLANGAN MOL-MULKNI SHARTNOMA-VOSITACHILIK SHARTLARI ASOSIDA REALIZATSIYA QILISHGA TALABGOR SAVDO TASHKILOTIGA QO‘YILGAN TALABLAR

9. Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk shartnoma-vositachilik shartlari asosida Reyestrga kiritilgan savdo tashkilotlari tomonidan realizatsiya qilinadi.

10. Quyidagi savdo tashkilotlari ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilishda talabgor sifatida ishtirok etishi mumkin emas:

qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik arafasida bo‘lgan;

faoliyat yuritmayotgan bo‘lsa yoki faoliyat yuritayotganiga olti oy bo‘lmagan;

soliqdan qarzdorligi mavjud bo‘lgan;

zimmasiga mol-mulklar harakati monitoringi elektron tizimini joriy qilish majburiyatini olmagan;

oxirgi ikki yil ichida ijro hujjatlari asosida xatlangan mol-mulkni sotish yuzasidan tuzilgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli shartnoma bekor qilingan;

Byuro organlari ish yurituvidagi ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorligini qoplamagan yoki majburiyatini bajarmagan;

rahbari yoki muassislari (jismoniy shaxs) muqaddam iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlardan birini sodir qilganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan yoki ularga nisbatan ayblilik to‘g‘risidagi masala hal qilinmay jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa.

11. Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida sotish istagida bo‘lgan savdo tashkiloti (keyingi o‘rinlarda — talabgor) ariza bilan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali Byuroga murojaat qiladi.

Arizada:

yuridik shaxsning soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami;

yuridik shaxsning savdo obyektiga nisbatan egalik huquqi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma raqami;

mol-mulklar harakatini monitoring qilishning elektron tizimini joriy qilish va Byuro axborot tizimiga ulanish bo‘yicha tegishli talablarni bajarish uchun kafolat majburiyatlari;

yuklarni tashish va yuklash uchun foydalaniladigan xizmat ko‘rsatuvchi, texnik soz transport vositalari yoki boshqa maxsus texnika vositalarining texnik pasportlari raqami;

yuridik shaxsning fuqarolik javobgarligi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risida sug‘urta polisi raqami hamda sug‘urta tashkilotining soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami ko‘rsatilishi lozim.

Talabgordan mazkur bandda ko‘rsatilmagan hujjatlar va ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.

12. Talabgor mazkur Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan talablarga javob bermaganda yoki uning arizasi ushbu Nizom 11-bandiga muvofiq bo‘lmaganda, ariza rad etiladi hamda bu haqda talabgorning shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboriladi.

Ariza rad etilgan taqdirda, talabgor kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Arizani ko‘rib chiqish natijalari Byuro tomonidan uzog‘i bilan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan, Reyestrda joylashtiriladi.

Agar talabgor Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan bo‘lsa, bunda arizada uning Milliy reyestrda ro‘yxatga olingan sanasi, raqami va soliq to‘lovchi identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi.

13. Byuroning hududiy boshqarmalari va savdo tashkiloti besh ish kuni ichida muddatini uzaytirish huquqi bilan bir yil muddatga mol-mulkni shartnoma-vositachilik asosida sotish uchun xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma (keyingi o‘rinlarda — shartnoma) tuzadi.

Byuroning markaziy apparati o‘z ish yurituvidagi ijro hujjatlari bo‘yicha Reyestrdagi har qanday savdo tashkiloti bilan shartnoma tuzishga haqli.

3-BOB. MOL-MULKNI SOTISH UCHUN TOPSHIRISH

14. Davlat ijrochisi shartnoma imzolangan kundan boshlab besh ish kunida ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan xatlangan mol-mulkni sotishga topshirish haqidagi dalolatnoma (keyingi o‘rinlarda — mol-mulkni topshirish haqidagi dalolatnoma) asosida mol-mulkni sotish uchun tegishli savdo tashkilotiga topshiradi.

Bunda mol-mulkni topshirish haqidagi dalolatnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

mol-mulk xatlanganligi to‘g‘risida dalolatnoma yoki band solinganligi to‘g‘risidagi qaror nusxasi;

mol-mulkni baholash haqidagi hisobot yoki davlat ijrochisining qarori yoxud mol-mulkning baholangan qiymati ko‘rsatilgan sud qarori nusxasi;

majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mol-mulklar bo‘yicha muvofiqlik sertifikati.

15. Ijro hujjatlari bo‘yicha olib qo‘yilgan mol-mulkni hisobga olish va saqlash qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ijro hujjatlari bo‘yicha olib qo‘yilgan mol-mulkni qabul qilgan savdo tashkiloti mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimi yordamida maxsus identifikatsiya raqamini (QR-code yoki bar-Code) (keyingi o‘rinlarda — maxsus identifikatsiya raqami) chiqarib, har bir mol-mulkka alohida biriktiradi.

Savdo tashkiloti tomonidan mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimida mol-mulk tavsifi hamda unga oid barcha ma’lumotlar (xatlagan organ nomi, sanasi, bahosi va boshqalar) kiritiladi.

Mol-mulkning belgilangan tartibda savdo tashkiloti tomonidan qabul qilinganligi, shuningdek, u bilan bog‘liq bo‘lgan harakat (arzonlashtirish, sotish, egasiga qaytarib berish va boshqalar) mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimida aks ettiriladi.

16. Ijro hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida mol-mulk sotish uchun bir vaqtning o‘zida uning soni, hajmi va tez sotilish imkoniyatlaridan kelib chiqib, Reyestrdagi bir nechta savdo tashkilotlariga topshirilishi mumkin.

17. Ijro hujjatlari bo‘yicha sotish uchun topshiriladigan barcha mol-mulklar nomi, narxi, shuningdek, savdoga oid qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlarni ifodalovchi tovar yorliqlari bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, tovar yorliqlariga qo‘shimcha ravishda maxsus identifikatsiya raqami yopishtirilib, u ijro hujjati raqami va sanasi, mol-mulk nomlanishi, narxi, ro‘yxatga olish yoki qabul qilish-topshirish dalolatnomasida nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Sotiladigan mol-mulk yorliqlarini tayyorlash, shuningdek, sotuvdan oldin tayyorgarlik talab qiladigan (mayda ta’mirlash, tozalash, dazmollash, o‘rash, qadoqlash va boshqalar) mol-mulkni sotuvga tayyorlash uni qabul qilgan savdo tashkiloti hisobidan amalga oshiriladi.

18. Mol-mulk uni baholash haqidagi hisobot yoki davlat ijrochisining qarori yoxud sud qarorida ko‘rsatilgan narxda sotuvga qo‘yiladi.

Ushbu Nizomning 21-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hollardan tashqari, mol-mulk qimmatlashtirilgan yoki arzonlashtirilgan narxda sotilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Savdo tashkiloti tomonidan xaridorga mol-mulkni uning umumiy qiymati to‘liq qoplanmagunga qadar, shuningdek, to‘lovni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari asosida topshirish man etiladi.

19. Savdo tashkilotlari mol-mulkni Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalariga muvofiq realizatsiya qiladi.

Internet-do‘kon orqali mol-mulkni realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchilarga hisobvaraq-fakturani yoki chek taqdim etishi shart.

Hisobvaraq-faktura, qoida tariqasida, elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

20. Sotish uchun topshirilgan mol-mulk, shuningdek, uni internet-do‘kon orqali sotuvi Byuroning axborotlar tizimiga ulangan mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimida namoyon bo‘ladi.

21. Agar savdo tashkilotidagi mol-mulk topshirilgan kundan boshlab o‘ttiz kun davomida sotilmagan bo‘lsa, savdo tashkiloti mol-mulkni arzonlashtirish yoki sotuvdan chiqarish va qaytarish masalasini hal qilish yuzasidan davlat ijrochisini xabardor qiladi.

Mol-mulk qonunda belgilangan tartibda arzonlashtirilganda, davlat ijrochisi savdo tashkilotiga mol-mulkni arzonlashtirilgan narxda sotish uchun qayta topshiradi.

22. Mol-mulkni shartnoma-vositachilik asosida sotish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun savdo tashkiloti vositachilik haqi oladi.

Vositachilik haqi miqdori savdo tashkiloti va Byuroning hududiy boshqarmalari o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.

Vositachilik haqi ijro ishi yurituviga oid qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlariga kiritiladi.

4-BOB. AYRIM TURDAGI MOL-MULKLAR REALIZATSIYASINING XUSUSIYATLARI

23. Mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan mol-mulklar ushbu bob qoidalariga muvofiq bir marta tuziladigan shartnoma asosida sotish uchun ixtisoslashtirilgan savdo tashkilotlariga topshiriladi.

24. Qimmatli qog‘ozlar qimmatli qog‘ozlarning tashkil etilgan birjadan tashqari bozorlari orqali sotiladi.

25. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari ularni realizatsiya qilish huquqiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan savdo korxonalari orqali Byuro hududiy boshqarmasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida sotiladi.

26. Qo‘shimcha restavratsiya qilish talab qilinadigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan davlat korxonalari tomonidan sotiladi.

27. Dori vositalari va tibbiy buyumlar tegishli farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyasi mavjud tashkilotlar tomonidan sotiladi.

28. Neft mahsulotlari (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, mazut, pechka qoramoyi, neft bitumi, shuningdek, texnik moylar va moylash materiallari) ushbu mol-mulklarni realizatsiya qilish uchun litsenziyasi mavjud tashkilotlar tomonidan sotiladi, zavodda idishlarga qadoqlanganlari bundan mustasno.

29. Mahsuldor va ish mollari, bo‘rdoqi mollar, parranda, quyonlar va boshqa hayvonlar bozorlar orqali sotiladi.

30. Asalari oilasi, yem-xashak, g‘alla, kanop va zig‘ir tolasi hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shuningdek, mineral o‘g‘itlar va pestitsidlar ixtisoslashtirilgan tashkilotlar orqali sotiladi.

31. Teri, momiq-mo‘yna va qorako‘l xomashyosi ularni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga to‘lov evaziga beriladi.

32. Davlat daromadiga o‘tkazilgan, tarkibida rangli va qora metallar mavjud bo‘lgan asbob-uskunalar, foydalanib bo‘lmaydigan fizik ishdan chiqqan va ma’naviy eskirgan qora va rangli metallardan yasalgan buyumlar, shuningdek ushbu metallar parchalari va chiqindilari belgilangan tartibda “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zikkilamchiranglimetall” AJga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida shartnomaviy narxlarda sotiladi.

33. Pochta markalari, shu jumladan, kolleksiya qilinadigan markalar haqi olinib, pochta aloqasi tashkilotlariga beriladi.

34. Foydalanilishi yoki sotilishi mumkin bo‘lmagan buyumlar, shuningdek, makulatura va ikkilamchi xomashyoning boshqa turlari ikkilamchi xomashyoni yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tegishli tashkilotlar tomonidan sotiladi.

35. Realizatsiya qilish uchun alohida ruxsatnoma yoxud litsenziya talab qilinadigan boshqa mahsulotlar tegishli mulkni realizatsiya qilish uchun litsenziya yoki ruxsatnomasi mavjud tashkilotlarga topshiriladi.

36. Mol-mulk birja savdosida sotiladigan taqdirda, Byuro organi va broker (investitsiya vositachisi) o‘rtasida shartnoma tuziladi.

37. Sud qaroriga ko‘ra mol-mulkni realizatsiya qilish muayyan savdo tashkilotiga yuklangan bo‘lsa, ushbu mol-mulk aynan shu savdo tashkilotiga sotish uchun topshiriladi.

5-BOB. SAVDO TASHKILOTI TOMONIDAN SHARTNOMA SHARTLARI BAJARILISHI, MOL-MULKNI REALIZATSIYA QILISH QOIDALARIGA RIOYA QILINISHINI NAZORAT QILISH TARTIBI

38. Savdo tashkiloti tomonidan shartnoma shartlari bajarilishi, shuningdek, mol-mulkni realizatsiya qilish tartibiga rioya etilishi mol-mulkni shartnoma-vositachilik asosida sotish uchun xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomani tuzgan Byuro organlari, ularning yuqori turuvchi bo‘linmalari tomonidan nazorat qilinadi.

39. Shartnoma shartlari va ushbu Nizom talablari savdo tashkiloti tomonidan buzilganda, savdo tashkiloti Byuro organi tomonidan o‘ttiz kundan kechikmay ogohlantirilib, shartnoma quyidagi hollarda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bir tomonlama bekor qilinishi mumkin:

savdo tashkiloti tanlovda ishtirok etish uchun yolg‘on yoki ishonchsiz ma’lumotlar, soxta hujjatlar taqdim etsa;

savdo tashkiloti mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimi Byuroning axborot tizimiga ulanishini ta’minlamasa, shuningdek, ushbu tizim va tegishli dasturiy ta’minot Byuro tomonidan belgilangan talablarga javob bermasa;

savdo tashkiloti muntazam ravishda (ikki marta va undan ortiq) savdo sohasidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari, 2016-yil 2-iyundagi 185-son qarori bilan tasdiqlangan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarini buzsa;

savdo tashkiloti unga sotish uchun topshirilgan mol-mulkni internet-do‘kon orqali savdoga chiqarmasa (ikki marta va undan ortiq) yoki o‘z vaqtida chiqarmasa;

savdo tashkiloti mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘larni Byuro organlari hisobvaraqlariga o‘z vaqtida muntazam (yil davomida ikki marta yoki undan ortiq) o‘tkazmasa;

savdo tashkiloti sotish uchun topshirilgan mol-mulkni yoki sotuvdan tushgan mablag‘larni o‘zlashtirsa, yo‘q qilsa yoki shikast yetkazsa, shuningdek, mulk muhofazasiga vijdonsiz munosabatda bo‘lsa yoki mulkni saqlash bo‘yicha shartnoma shartlarini buzsa;

savdo tashkiloti tanlov hujjatlarida ko‘rsatilgan o‘z majburiyatlarini, shu jumladan, mol-mulklarni saqlash, tashish, yuklash va tushirish xizmatlarini muntazam (yil davomida ikki marta yoki undan ortiq) bajarmasa;

qonunda va shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan holatlar shartnoma muddatini uzaytirmaslik uchun ham asos hisoblanadi.

40. Shartnoma bekor qilingan taqdirda, Byuro organi mol-mulkni ushbu Nizom talablariga muvofiq tanlov asosida tanlangan boshqa savdo tashkilotiga topshirish choralarini ko‘radi. Bunda savdo tashkiloti mol-mulkni boshqa savdo tashkilotiga topshirgunga qadar uni saqlash choralarini ko‘rishi shart.

Byuro organlari bir savdo tashkilotidan boshqa savdo tashkilotiga mol-mulklarni topshirayotganda, mol-mulklar bo‘yicha zarur ma’lumotlarning mol-mulklar harakati monitoringining elektron tizimida ko‘rinishini ta’minlaydi.

41. Byuro organlari tomonidan sotish uchun topshirilgan mol-mulklar holati, shuningdek, savdo tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan mablag‘lar davriy o‘rganib boriladi.

Mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘lar, mol-mulklar holati va sotilmagan mol-mulklar qoldig‘i, ularning sotilmaganligi sabablari haqidagi ma’lumotlar har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar Byuro direktoriga kiritiladi.

42. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari savdo tashkilotlariga mol-mulk sotilishi uchun yarmarkalar, bozorlar va savdo komplekslarida joylar tashkil etilishida ko‘maklashadilar.

Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha hududiy kengashlar ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulklarni sotish uchun tuman va shaharlardagi aholi gavjum bozorlar hamda savdo markazlarida yarmarkalar tashkil etish choralarini ko‘radi.

6-BOB. MOL-MULKNI SOTISHDAN TUSHADIGAN MABLAG‘LARNI HISOBGA OLISH

43. Mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘larni o‘tkazish uchun Byuro organlari tomonidan banklarda depozit hisobvarag‘i ochiladi.

Mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘lar vositachilik haqini (sotilgan narxdan 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan) ushlab qolgan holda, savdo tashkiloti tomonidan Byuro organi depozit hisobvarag‘iga uch kundan kechikmay, ijro hujjatining tartib raqami va sanasi ko‘rsatilgan holda o‘tkaziladi.

Mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘ni o‘tkazish muddati kechikkan taqdirda, savdo tashkilotidan kechikkan har bir kun uchun to‘lanadigan summaning 0,5 foizi miqdorida penya undiriladi.

44. Byuro organi depozit hisobvarag‘iga mol-mulkni sotishdan tushgan mablag‘lar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.

7-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

45. Mol-mulkni realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi savdo tashkiloti tomonidan belgilangan savdo qoidalarini buzish holati aniqlanganda, unga nisbatan nazoratni amalga oshiruvchi organlar qonunda belgilangan choralarni qo‘llaydi va bu haqda Byuroning tegishli organini xabardor qiladi.

46. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga

1-ILOVA

Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish

SXEMASI

Bosqichlar

.

Subyektlar

.

Amalga oshiriladigan tadbirlar

.

Muddatlar

.

.

.

.

.

.

.

.

.

.

1-bosqich

.

Savdo tashkiloti

.

Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilishda ishtirok etish yuzasidan ariza bilan zarur ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga (keyingi o‘rinlarda — Byuro) murojaat qiladi.

.

Zaruratga ko‘ra

.

.

.

.

.

.

.

2-bosqich

.

Byuro

.

1. Arizani ko‘rib chiqadi.

2. Talabgor Nizomning 10-bandi talablarga javob bermaganda yoki uning arizasi Nizom 11-bandiga muvofiq bo‘lmaganda arizani rad etadi hamda bu haqda talabgorning shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboradi.

.

1 ish kuni ichida

.

.

3. Arizani ko‘rib chiqish natijalarini Ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulk sotilishini ta’minlaydigan savdo tashkilotlari reyestriga (keyingi o‘rinlarda — Reyestr) joylashtiriladi.

.

Keyingi ish kunidan kechiktirmay

.

.

.

.

.

.

.

3-bosqich

.

Byuro (uning hududiy boshqarmalari),

Savdo tashkiloti Davlat ijrochisi

.

1. Mol-mulkni shartnoma-vositachilik asosida realizatsiya qilish uchun xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muddatini uzaytirish huquqi bilan bir yil muddatga shartnoma tuzadi.

.

5 ish kuni ichida

.

.

2. Belgilangan shakldagi xatlangan mol-mulkni sotishga topshirish haqidagi dalolatnoma asosida mol-mulkni realizatsiya qilish uchun savdo tashkilotiga topshiradi.

.

5 ish kuni ichida

.

.

.

.

.

.

.

4-bosqich

.

Byuro

.

Savdo tashkiloti tomonidan shartnoma shartlari bajarilishi, mol-mulkni realizatsiya qilish qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi.

.

Doimiy

.

.

.

.

.

.

.

.

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.  

.