Joriy yilning 24-avgust kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning Fiskal ishlar departamenti Davlat moliya boshqaruvi bo‘limining katta iqtisodchisi Amanda Sayeg hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi.
Muloqot davomida tomonlar Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, fiskal boshqaruv va davlat moliyasini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Uchrashuvda fiskal rivojlanish sohasida belgilangan asosiy maqsadlar, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, fiskal xatarlarni aniqlash, baholash va monitoring qilish, ularning davlat moliyasi barqarorligiga ehtimoliy ta’sirini hisobga olish hamda fiskal xatarlarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Shu bilan birga, muhokamalar davomida budjet daromadlari va xarajatlarini shakllantirish tartiblari, ularni rejalashtirish va prognozlashtirish jarayonlarini takomillashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishda budjet resurslarini samarali boshqarish hamda moliyaviy rejalashtirishning izchilligi masalalariga e’tibor qaratdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.