21 iyul 2023

O‘zbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi shu kunlarda rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi, deb xabar beradi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Tashrif doirasida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, parlamentlararo hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratildi.

 Xususan, “Rothschild&Co” Kuzatuv kengashi aʼzosi A. Rotshild bilan suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro investitsiyalar sohasidagi joriy tendensiyalarni, ularni amalga oshirish istiqbollarini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining asosiy aktivlarini xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda kompaniyaning tajribasini samarali qo‘llashni muhokama qildi.

O‘z navbatida, Baronessa Ariel Malar de Rotshild “Rothschild&Co” moliyaviy guruhi O‘zbekistonda boshlangan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga, iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, kambag‘allikni tizimli qisqartirish masalalarini hal etishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida “Rothschild&Co” kompaniyasi ishtirokida davlat obyektlari va korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish maqsadida doimiy o‘zaro aloqalarni davom ettirishga kelib olindi.

Delegatsiya tashrifi doirasida “Total Eren” ijro etuvchi vitse-prezidenti Fabyen Demol bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Chindan ham bugun butun jahonda yashil energetikadan keng foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, “Total Eren” kompaniyasi Samarqand viloyati Nurobod tumanida 100 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirgani va bu mintaqadagi flagman loyihaga aylangani taʼkidlandi. Shuningdek, kompaniyaning yangi yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirishga intilayotgani bildirildi.

Jumladan, Fabyen Demol xonim “Total Eren kompaniyaning hozirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan faxrlanishi, O‘zbekiston bilan bunday muvaffaqiyatli muloqot tajribasi uzoq yillar barqaror o‘zaro hamkorlik asosi bo‘lib xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, tashrif doirasida Fransiyaning yetakchi energetika kompaniyalaridan biri bo‘lgan va O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish sohasida loyihalarni amalga oshirayotgan “Voltalia” kompaniyasining bosh ijrochi direktori C.Klerk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

S.Klerk O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida amalga oshirilayotgan progressiv va barqaror islohotlarni kuzatib, kompaniya mamlakatning energetika tarmog‘iga investitsiya kiritishga qaror qilganini taʼkidladi. Xususan, bugungi kunda “Voltaliya” kompaniyasi Buxoro viloyatida 500 MVt quvvatli, taxminiy qiymati 500 mln dollar bo‘lgan gibrid quyosh-shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.

Suhbat davomida fransuz kompaniyasining O‘zbekistonga investitsiyalari ko‘lamini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi sektorida qo‘llaniladigan qator innovatsion energetik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiya milliy merosi instituti direktori Sh.Personnaz bilan ham muloqot o‘tkazib, unda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Sh.Personnaz O‘zbekiston rahbariyati tomonidan qadimiy meʼmorchilik va madaniyatning noyob yodgorliklarini restavratsiya qilish va asrab-avaylash, mamlakatning boy moddiy-madaniy merosini tiklash, muzey ishlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuksak baholadi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohasida Fransiyaning ilg‘or tajribasini tatbiq etish muhimligi taʼkidlanib, xususan, Fransiya Milliy meros institutining yetakchi mutaxassislarini jalb etgan holda mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish, ikki mamlakat yetakchi ekspertlari ishtirokida madaniy merosni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma amaliy seminarlar o‘tkazishga urg‘u berildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda madaniyat va sanʼat hamda moddiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, o‘zbek arxeologlari va restavratorlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning Fransiya Milliy meros institutida ilmiy-texnik bilim olishlari borasida kelishuvga erishildi.