13 mart 2026

Shanxayda Oʻzbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligini kengaytirishning mintaqalararo jihatlari muhokama qilindi

Oʻzbekiston Bosh konsuli Rustam Ismoilov Shanxayda Xitoy-Osiyo iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi (CAEDA) vitse-prezidenti Chju Tingbin bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar hamkorlikni, shuningdek, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi. Ular ikki mamlakat biznes hamjamiyatlari oʻrtasida amaliy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligini taʼkidladilar.

Chju Tingbin Xitoy va Oʻzbekiston rahbarlarining saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yuqori rivojlanish darajasiga koʻtarilganini taʼkidladi. Uning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari va turli iqtisodiy tadbirlar sezilarli darajada koʻpaygan.

Xitoy tomoni sheriklikni yanada mustahkamlashga, barcha oʻzaro manfaatli sohalarda qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashga, Xitoy bozoriga yuqori sifatli oʻzbek mahsulotlari eksportini koʻpaytirishga va Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat biznes hamjamiyati vakillari bilan qo’shma tadbirlar, jumladan, biznes forumlari, taqdimotlar va davra suhbatlari, shuningdek, delegatsiyalarning o’zaro tashriflarini muntazam ravishda tashkil etish to’g’risida kelishuvga erishildi.

Tomonlar shuningdek, assotsiatsiya a’zo kompaniyalarining bo’lajak xalqaro tadbirlarda, xususan, shu yil may oyida Sian shahrida bo’lib o’tadigan uchinchi O’zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumida va iyun oyida Toshkentda bo’lib o’tadigan 5-Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirokini muhokama qilishdi.

Xitoy-Osiyo iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi 1993-yilda Pekinda tashkil etilgan. Tashkilot 400 mingdan ortiq kompaniyalarni va taxminan 400 ta milliy va xalqaro savdo palatalari va biznes assotsiatsiyalarini birlashtiradi.