14 Iyun 2023

China Energy kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish niyatida

Joriy yilning 13-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning China Energy kompaniyasi Boshqaruvi raisi Song Xayliang bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Bu haqida ISSV matbuot xizmati xabar beradi.

Yig‘ilishda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVtga teng bo‘lgan fotoelektr stansiyalari va Samarqand viloyatida quvvati 3 million tonna bo‘lgan sement zavodini qurish loyihalarini amalga oshirilishi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ushbu obyektlarni imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligini ta’kidlab, joriy yilda 400 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyalari va sement zavodini, qolgan 600 MVt quvvatlarni keyingi yil oxirigacha ishga tushirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga kelishib oldilar.

Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalari yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.

Xitoy tomoni hududlarda energiya tizimlarini yanada modernizatsiya qilish va “yashil” energiya ishlab chiqarish sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniyaning infratuzilmani rivojlantirish sohasida innovatsion ishlanmalarni qo‘llash doirasida maslahat va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqliklarini bildirdilar. Kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, ijrochilari va muddatlari aks etgan qo‘shma ishchi guruh tuzish va loyihalarni amalga oshirish dasturini ishlab chiqish masalasi kelishib olindi.