O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Yoshkar-Ola shahridagi vakolatxonasi ishtirokida Mariy El Respublikasi biznes-missiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotganini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida ishtirokchilarga mamlakatimizning iqtisodiy va sanoat salohiyati, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erkin iqtisodiy zonalarda amal qilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mariy El Respublikasi vakillari o‘z hududidagi sanoat korxonalarining imkoniyatlarini taqdim etib, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tarmoq biznes-missiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, shuningdek, ikki davlat hudud lari ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.