04 iyun 2026

“Belagro-2026” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston agro-sanoat majmuasining eksport salohiyati namoyish etilmoqda

Joriy yilning 2–6-iyun kuni Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida o‘tkazilayotgan “Belagro-2026” xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tadbirkorlik subyektlari vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda, deb xabar qilmoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi. Mazkur tadbir O‘zbekiston agro-sanoat majmuasining eksport salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, yangi savdo aloqalarini o‘rnatish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ko‘rgazma doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Uzagrostar” holding kompaniyasi O‘zbekistonning milliy stendi bilan qatnashib, mamlakatimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini xorijiy hamkorlarga taqdim etmoqda. Milliy stend tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston agro-sanoat tarmog‘ining imkoniyatlari, mahsulotlar sifati hamda eksport yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Xususan, O‘zbekistonning milliy stendi ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko hamda Belarus Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Andrey Yakovchits O‘zbekiston stendiga tashrif buyurib, unda namoyish etilgan mahsulotlar va taqdim etilgan eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, tadbir davomida Belarus Respublikasining 10 dan ortiq yirik chakana savdo tarmoqlari vakillari bilan B2B uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Xususan, “Eurotorg”, “Santa Retail”, “BelVillesden”, “GRINroznitsa”, “UniStore Group”, “Resttrade” hamda boshqa yirik riteler kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekiston mahsulotlarini Belarus bozoriga yetkazib berish, savdo hajmlarini kengaytirish va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.