04 avgust 2026

Yevropa kompaniyalari kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganmoqda

O‘zbekistonning Frankfurt-am-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida Yevropa kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya “Navoiyazot” AJga tashrif buyurib, korxonaning ishlab chiqarish salohiyati, zamonaviy texnologik jarayonlari hamda eksport hamkorligini rivojlantirish istiqbollari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif davomida xorijiy hamkorlarga korxona faoliyati, uning joriy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, eksport salohiyati va 2030-yilgacha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish rejalari haqida batafsil taqdimot namoyish etildi.

Germaniya delegatsiyasi tarkibidan ANWIL S.A. kompaniyasining Frankfurt filiali xalqaro bozorlar bo‘yicha vakili Pavel Polanovskiy, Treeden Group logistika kompaniyasining bosh direktori va egasi Arkadiush Zuzanyuk, Engineering Project Group investitsiya kompaniyasi direktori Pavlo Otarashvili, shuningdek, Polish Agriculture Development Corporation Sp. z o.o. kompaniyasining ijrochi direktori va egasi Marcin Piotr Bialashek o‘rin oldi.

“Navoiyazot” AJning asosiy ishlab chiqarish obyektlari bilan tanishishga alohida e’tibor qaratildi. Yevropa biznesi vakillari karbamid va boshqa kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda qadoqlash sexlariga tashrif buyurib, texnologik jarayonlar, zamonaviy qadoqlash liniyalari, shuningdek, tayyor mahsulotlarni temir yo‘l transporti va xorijiy bozorlarga yetkazib berish uchun mo‘ljallangan maxsus sisternalar orqali jo‘natish tizimini o‘z ichiga olgan logistika operatsiyalarini o‘rgandilar.

Tashrif dasturi doirasida delegatsiya “Navoiyazot” AJ Boshqaruvi raisi Farhod Samadov hamda korxonaning tegishli bo‘linmalari rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida eksport hamkorligini kengaytirish istiqbollari, logistika yo‘nalishlarini takomillashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Korxona rahbariyati xorijiy hamkorlarni Yevropa bozoriga karbamid, karbamid-ammiak aralashmasi (KAS), shuningdek, xalqaro ekologik talablarga javob beradigan va zamonaviy dizel dvigatellarida qo‘llaniladigan AdBlue suyuqligi kabi keng turdagi kimyo mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlari bilan tanishtirdi.

Yevropa kompaniyalari vakillari “Navoiyazot” AJning ishlab chiqarish salohiyati va mahsulotlari sifatini yuqori baholadilar. Ular o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirib, Markaziy Yevropa mamlakatlari bozorlarida talab yuqori bo‘lgan yangi turdagi kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, korxonani yanada modernizatsiya qilish uchun zamonaviy Yevropa texnologiyalari va uskunalarini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, “Navoiyazot” AJ mahsulotlarini Yevropa bozoriga yetkazib berishni tashkil etish va investitsiya hamda eksport hamkorligini yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflarni tayyorlash bilan shug‘ullanadigan qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.