02 Aprel 2024

Xitoyning Sian shahrida O‘zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi Shensi provinsiyasida Oʻzbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik imkoniyatlari taqdimotini tashkil etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirda viloyat hokimligi, Xalqaro savdoni rivojlantirish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, ishlab chiqaruvchilar va savdo-sanoat korxonalari uyushmalari hamda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, logistika, turizm, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish va farmatsevtika vakillari boʻlgan ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumotlar bilan tanishdi.

Shensi provinsiyasi Xalqaro savdoni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Jia Chjenlan o‘z nutqida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarini ijobiy baholab, viloyat tadbirkorlarini mamlakatimizdagi yangi loyihalarga investitsiya kiritishga chaqirdi.

“2023-yilda Shensi va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 485 million dollarni tashkil etdi. Sian-Toshkent ekspressi 284 ta qatnovni amalga oshirdi. Sian-Toshkent-Sian oʻrtasida muntazam reyslar ochildi”, – dedi Jia Chjenlan.

Tadbir mehmonlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli eksport mahsulotlari haqida ham ma’lumotlar berildi.

Ishtirokchilarga 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish taklif etildi.