22 May 2023

Ispaniya kompaniyasi O‘zbekistonda tozalash inshootlari qurilishiga investitsiya kiritishdan manfaatdor

O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasida Ispaniyaning Almar Water Solutions kompaniyasi institutsional aloqalar bo‘yicha direktori Luis Blanko va marketing va biznesni rivojlantirish departamenti rahbari Manuel Garsiya Kalvol bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, tozalash inshootlari sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Ispaniya vakillari o‘z texnologiyalari va sarmoyalari bilan O‘zbekistonda tozalash inshootlarini qurish va modernizatsiya qilishda ishtirok etishdan katta qiziqish bildirdilar.

Ispaniya tomonining xabar berishicha, “Almar Water Solutions” kompaniyasi vakillari 1-2 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ispaniya hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etdi. Kompaniya Samarqand viloyati hukumati bilan Kattaqo‘rg‘on shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida tozalash inshootlarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha umumiy qiymati 100 million AQSh dollari bo‘lgan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Ushbu loyiha doirasida ispan kompaniyasi dastlab tadqiqot ishlarini boshlamoqchi va kerakli hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan muhokamalarni davom ettirmoqchi edi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida O‘zbekistonning mas’ul tashkilotlari vakillari bilan muloqotlar o‘tkazish masalasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.