12 dekabr 2025

Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari muzokara oʻtkazdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni Ashxobod shahriga kelgach, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbari matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisini tarixiy sana – doimiy betaraflikning o‘ttiz yilligi bilan samimiy tabrikladi hamda ushbu muhim voqeaga bag‘ishlab ertaga o‘tkaziladigan xalqaro forum ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini, birinchi navbatda, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy hamda gumanitar sohalarda yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ham koʻrib chiqdilar.