11-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Amerika Qoʻshma Shtatlari Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) Siyosat masalalari boʻyicha direktori Kerolin Vik boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.
Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, DFC bilan strategik sheriklikni mustahkamlash hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda Qoʻshma investitsiya platformasini shakllantirish, istiqbolli loyihalarni saralab olish va ularni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, transport, sogʻliqni saqlash va kommunal infratuzilma sohalaridagi ustuvor loyihalar hamda ularni amalga oshirishda DFCning ishtiroki boʻyicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish va istiqbolli loyihalar yuzasidan amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.