05 Oktyabr 2023

Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt quvvatga ega yangi energiya bloki quriladi

Navoiy issiqlik elektr stansiyasi uchinchi energetika blokini yaratish bo‘yicha shartnoma imzoladi, deb xabar beradi Spot Energetika vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Loyiha doirasida quvvati 650 megavatt bo‘lgan kombinatli gaz stansiyasini qurish va ishga tushirish rejalashtirilgan. Energoblok qurilishi o‘tgan yilning dekabr oyida tasdiqlangan O‘zbekistonning 2025-yilgacha bo‘lgan investitsiya dasturiga kiritilgan.

Loyihani Yaponiyaning Mitsubishi Power Ltd kompaniyasi amalga oshiradi. Energoblokni qurish va ishga tushirish 2023-yildan 2026-yilgacha rejalashtirilgan.

Energoblok ishga tushirilgandan so‘ng 4,8 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va umumiy elektr tarmog‘iga jo‘natadi. Zamonaviy tejamkor uskunalardan foydalanish natijasida eski agregatlarga nisbatan 1 milliard kub metrgacha gaz tejaladi.

Iyul oyida Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida 1 GVt quvvatga ega yangi energobloklar qurilishi boshlandi. Yaponiyaning Mitsubishi kompaniyasi Ispaniyaning Intecsa kompaniyasi bilan birgalikda qiymati 770 million dollardan ortiq bo’lgan loyiha ustida ishlamoqda.