18 Avgust 2023

O‘zbekistonning yo‘l qurilishi sohasiga Saudiya Arabistonidan investitsiya jalb etish masalasi muhokama qilinmoqda

Transport vazirligida Saudiya Arabistonining Al Bawani Company va Shibh Al Jazira Contracting Company (SAJCO) kompaniyalari konsorsiumi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

Vazirlik xabariga koʻra, transport vaziri oʻrinbosari Ilhom Abdugʻoforov Al Bavaniy davlat-xususiy sheriklik loyihalari direktori Jamil Adi va SAJCO hamkorlik boʻyicha direktori Vakkos Ismoil bilan yoʻl qurilishi sohasida davlat-xususiy sheriklik doirasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 17-19-avgust kunlari Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi chogʻida ikki davlat transport idoralari fuqaro aviatsiyasi sohasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Bundan tashqari, muzokaralar yakunlari bo‘yicha transport sohasida mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, xususan, ikki davlat shaharlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.