08 Aprel 2024

Buxoro, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrining Sergeli tumanining Quvayt viloyatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Buxoro viloyati hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Riza Asadov va Toshkent shahrining Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovlar bilan onlayn uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Quvayt hududlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish istiqbollari muhokama qilindi.

Quvaytlik yirik ishbilarmonlar orasida sarmoyaviy loyihalar keng yoyilishi qayd etildi. Shuningdek, mazkur loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor biznes vakillari bilan alohida muzokaralar tashkil etishda ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, 13-14-may kunlari Quvaytda o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumida Farg‘ona va Buxoro viloyatlari hokimliklari va ishbilarmon doiralar vakillarining ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.