06 Aprel 2023

O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 4-aprel kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi binosida SSP raisi D.Vahobov va Litva sanoatchilar Konfederatsiyasi prezidenti V.Yanulyavichyus oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqida SSP matbuot xizmati xabar beradi.

2013-yil 30-iyul kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Litva sanoatchilar Konfederatsiyasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan, biroq ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasida ishlar amalga oshirilmagan.

Uchrashuvda transport va logistika sohasidagi hamkorlik masalalari, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. 

Shuningdek, tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini muntazam ravishda rivojlantirish va ikki davlat tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida Oʻzbekiston–Litva ishbilarmonlar kengashini tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Qoʻshma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimni imzolash maqsadida Litvaga tashrifni tashkil etishga kelishib olindi.