Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va KfW’ning (Kreditanstalt für Wiederaufbau) Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo departamentining mintaqaviy direktori Veronika Garsiya Del Arko o‘rtasida uchrashuv b o‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati.
Uchrashuvda KfW’ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy ofisi direktori Andreas Shnayder, vazirlikning Qishloq xo‘jaligi islohotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash departamenti direktori o‘rinbosari To‘lqin Mirzayev, Davlat qarzini jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Behruz Karimov, Davlat qarzi departamentining budjetni qo‘llab-quvvatlash loyihalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ma’rufjon Mirzamahmudov ham ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: KfW – Germaniya taraqqiyot banki bo‘lib, u orqali Germaniya federal hukumati rivojlanayotgan va iqtisodiyotida o‘tish davri bo‘lgan mamlakatlarda investitsiyalar va tegishli konsalting xizmatlarini moliyalashtiradi. Bank faoliyati ushbu mamlakatlarda ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani yaratish va rivojlantirishga, shuningdek, resurslar va atrof-muhitga oqilona munosabatni ta’minlashda barqaror va arzon moliyaviy tizimni o‘rnatishga qaratilgan.
O‘zbekistonda 1993-yildan beri faoliyat yuritayotgan bank iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va sog‘liqni saqlash kabi sohalarni moliyalashtirib keladi.
Uchrashuvning maqsadi “Inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotini erta rivojlantirish siyosati” dasturga Germaniya Hukumatining qo‘shgan hissasini o‘z ichiga olgan joriy va istiqbolli loyihalarni muhokama qilish edi.
Uchrashuv davomida tomonlar joriy loyihalarni, jumladan, qishloq xo‘jaligi loyihalarini moliyalashtirish, energetikani o‘zgartirish, turli sohalarga axborot texnologiyalarini joriy etish masalalarini ham muhokama qildilar. Mikro, kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash loyihasini moliyalashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokama yakunida tomonlar yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma hamkorlikni davom ettirishga va o‘zaro manfaatli loyihalar sohasini kengaytirishga kelishib oldilar.