24-fevral kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va Qoraqalpogiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari uchun Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya loyihalari, shuningdek hududning eksport va turizm salohiyati bilan tanishtirish maqsadida Nukus shahriga tashrif tashkil etildi. Bu haqda ISSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Delegatsiya tarkibida 12 nafar Favqulodda va Muxtor Elchi (Rossiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Koreya Respublikasi, Mongoliya, Falastin, Jazoir, Ruminiya, Turkiya, Slovakiya, Chexiya hamda BMT), 13 nafar diplomatik vakolatxonalar maslahatchilari (Ozarbayjon, Malayziya, Eron, Hindiston, Pokiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Vengriya, Latviya, Yevropa Ittifoqi, Shveytsariya va Ukraina), shuningdek “Rossiya eksport markazi” AJ, Markaziy Osiyo uchun Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti hamda Osiyo taraqqiyot banki vakolatxonasi rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarda umumiy qiymati 8 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiya takliflari portfeli katta qiziqish uyg‘otdi. Shulardan 1,8 milliard dollarlik 78 ta loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgan.
Mehmonlar “Nukus SSP Texnopark” (ip-kalava ishlab chiqarish), “OSTEN TECHNOLOGIES” (radiatorlar ishlab chiqarish) hamda “KARAKALPAK BASALTWOOL” (issiqlik izolyatsiya materiallari) korxonalariga, shuningdek madaniy meros obyektlariga tashrif buyurdi.