O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev Buxoro viloyatiga ishchi tashrifi davomida korxonalar faoliyati va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Asosiy e’tibor ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, eksport salohiyatini kengaytirish va yangi xorijiy bozorlarni o‘zlashtirishga qaratildi.
Xususan, Tibtexnika noanix korxonasining tibbiy buyumlar ishlab chiqarish (yiliga 700 ming dona), Tekhnochem korxonasining oktan sonini oshiruvchi qo‘shimcha va bitum ishlab chiqarish (yiliga 100 ming tonna) loyihalari, shuningdek, «Buxoro» turizm markazida madaniyat va xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda ko‘rgazma zali qurilishi o‘rganildi.
Korxonalar rahbarlari bilan uchrashuvlarda mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish, yangi investitsiya tashabbuslari hamda tashkiliy va infratuzilmaviy masalalarni hal etish muhokama qilindi.
Yakunlar bo‘yicha aniq vazifalar, mas’ul ijrochilar va muddatlar belgilandi. Rejalashtirilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi nazoratga olindi.