O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Tula va Voronej viloyatlarida ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Voronej va Tula viloyatlarining “Mening biznesim” maydonlarida tashkil etilgan tadbirlar doirasida Rossiya ishbilarmon doiralari vakillari va rasmiylar ishtirokida davra suhbatlari bo‘lib o‘tdi.
Elchi Botirjon Asadov o‘z nutqida O‘zbekistonda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda to‘rtta erkin iqtisodiy zona mavjud bo‘lib, ularda Rossiya kompaniyalari va investorlari keng vakillik qiladi, bu esa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro savdoni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Uchrashuvlarda Tula viloyati rahbariyati vakillarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston mintaqaviy biznesni rivojlantirish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Xususan, 2025-yil yakunida o‘zaro tovar aylanmasi barqaror o‘sishi 31,2 foizga oshib, 41,2 million dollarni tashkil qilgani aytib o‘tildi.
Voronej viloyatida bo‘lib o‘tgan tadbir davomida O‘zbekiston bilan mintaqalararo aloqalar ko‘p yillar davomida faol rivojlanib borayotgani bir necha bor ta’kidlandi: 2025-yilda savdo aylanmasi 1,8 baravar oshdi. Viloyat oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi xomashyosi, mashinasozlik mahsulotlari va kimyo mahsulotlarini eksport qiladi.
Tadbirlar davomida O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi va mintaqalararo savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xorijiy tadbirkorlarga Yangi O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tadbirlar yakunlari bo‘yicha Rossiya vakillari O‘zbekistonning mintaqalari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdilar.