02 aprel 2024

Yaponiyaning Seki shahrida O‘zbekistonning investitsiya va mehnat migratsiyasi sohasidagi salohiyati namoyish etildi

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Gifu prefekturasining Seki shahrida mamlakatimizdagi iqtisodiy, sarmoyaviy salohiyat va mavjud ishchi kuchiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Seki shahrida ishbilarmonlar uchun mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, O‘zbekistonda biznes yuritishning afzalliklari, shuningdek, o‘zbek milliy mahsulotlarini uchinchi davlatlarga eksport qilish imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davomida tashqi mehnat migratsiyasi masalalariga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, Yaponiya va O‘zbekiston tashqi migratsiya sohasiga texnik stajyorlar va maxsus malakali ishchilarni jalb qilish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolagan. Mamlakatimizdagi “Ishga marhamat” monomarkazlari negizida “Yapon tili va kasbiy malakasini sinovdan o‘tkazish markazi” faoliyati boshlangani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston aholisining asosiy qismini mehnatga layoqatli yoshlar tashkil etishini inobatga olib, ularni Yaponiyada qonuniy ish joyi bilan ta’minlash masalasi muhokama qilindi. Diplomatlar Seki kompaniyalari manfaatdor boʻlgan sohalardagi boʻsh ish oʻrinlariga oʻzbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish taklifini ilgari surdi.

Yaponiya kompaniyalari vakillari Gifu prefekturasida yuqoridagi hududlarda bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligini tasdiqladilar va O‘zbekistondan texnik stajyorlarni ishga olishga tayyorligini ma’lum qildi.

Seminarda ishtirok etgan Yaponiya vakillari 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga ham taklif etildi.