Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad Faruk bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.
Uchrashuvda parlament yuqori palatasi rahbari Ahmad Farukning so‘nggi uch yil davomida samarali faoliyat olib borib, ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgani alohida eʼtirof etdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash, parlamentlararo hamkorlikni yana-da faollashtirish, do‘stlik guruhlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ayniqsa, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Pokiston ilmiy muassasalari bilan hamkorligini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Senat Raisi Pokiston delegatsiyasini Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan Yosh parlament aʼzolarining 12-global konferensiyasi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan 3-global forumda faol ishtirok etishga taklif etdi.