25 Aprel 2024

Senat Raisi AQSHning Yuta shtati delegatsiyasi bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 24-aprel kuni AQSHning Yuta shtati Senati raisi Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

O‘zbekiston va AQSH hamkorligining muhim yo‘nalishlari xususan, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari, gender tengligi sohalarida aloqalarni rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida investitsiyaviy, tovar va xizmatlar bozori,  tog‘-kon sanoati, energetika, axborot texnologiyalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi. Bunda Yuta shtati biznes doiralari bilan o‘zaro manfaatli aniq loyihalarni amalga oshirish, hududlarimiz o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish va aloqalarni mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

Suhbat chog‘ida shuningdek, gender tenglikni taʼminlash, mehnat munosabatlari va migratsiyasi, sog‘liqni saqlash, taʼlim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ijtimoiy loyihalarni faollashtirish masalalari tomonlar eʼtibor markazida bo‘ldi. 

Styuart Adams O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib borayotgani va ularni yuksak baholashini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, qator yo‘nalishlar xususan, biznes va tadbikorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarda hamkorlikda istiqbolli loyihalarni yo‘lga qo‘yish borasida Yuta shtati Senati bor imkoniyatlarni jalb qilishga tayyorligini, yetakchi kompaniyalar rahbarlari bunga qiziqish bildirayotganini qayd etdi.

Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni yana-da rivojlantirish, mahalliy vakillik organlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.