Oʻzbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi vakillari Shveytsariyada tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etishdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Shveytsariya-Osiyo Savdo Palatasi (SwissCham Asia) tomonidan Davos-Klosters mahalliy hukumati, Syurixda joylashgan Singularity akademiyasi va ASEAN assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Dunyoni qayta ulash” tadbiri siyosiy, ilmiy, iqtisodiy va ishbilarmon doiralar vakillarini, shuningdek, dunyoning turli burchaklaridan diplomatik korpus vakillarini birlashtirdi.
Tadbir davra suhbati shaklida boʻlib oʻtdi, unda global siyosiy voqealar, ularning davlat suvereniteti va xavfsizligiga taʼsiri, sunʼiy intellekt (AI) kabi texnologiyalarning jadal rivojlanishi va ularni davlat boshqaruvida qoʻllash boʻyicha ochiq muhokamalar boʻlib oʻtdi.
Konferensiyada xorijiy kapitalni jalb qilish, investorlar ishonchini qozonish, demografiya va unumdorlik kabi iqtisodiy mavzular ham muhokama qilindi, turli mamlakatlarda ushbu sohalarda erishilgan yutuqlar va koʻrilgan choralar haqida fikr almashildi.
Oʻzbekistonlik diplomatlar ishtirokchilarni soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilgan islohotlar va yutuqlar bilan tanishtirdilar. Ishtirokchilar, ayniqsa, o’tgan yili 145 milliard dollarga yetgan jadal iqtisodiy o’sish, yalpi ichki mahsulot (YaIM), 43,1 milliard dollarga yetgan jalb qilingan investitsiyalar hajmi va xorijiy investorlar tomonidan mamlakatda tashkil etilgan 18 000 ta korxona faoliyati haqidagi ma’lumotlarga qiziqish bildirdilar.
Diplomatlar, shuningdek, ishtirokchilarni xorijiy investorlarning huquqlarini himoya qilish va investitsiya hamkorligini rivojlantirishning institutsional asoslari bilan tanishtirdilar. Mamlakatning logistika imkoniyatlari va tranzit salohiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida manfaatdor tomonlar bilan biznesni rivojlantirish, O’zbekistonga investitsiya kiritish, qo’shimcha ma’lumot olish, maslahatlashuvlar o’tkazish va hamkorlarni topish bo’yicha hamkorlik qilish to’g’risida kelishuvga erishildi.