O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning Szzyansu provinsiyasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikka bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Szzyansu provinsiyasi vazirlik va idoralari, savdo-sanoat palatalari, biznes doiralari hamda yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Forum davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik munosabatlar so‘nggi yillarda izchil va jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari delegatsiyalari hamda biznes doiralari vakillarining o‘zaro tashriflari faollashgani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, hududlarning savdo-iqtisodiy salohiyati, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlar, shuningdek mamlakatning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar namoyish etildi. O‘zbekistonning erkin iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyati hamda ularning imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum ishtirokchilariga ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan amalga oshirilayotgan yirik qo‘shma loyihalar va iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli rejalar haqida ham ma’lumot berildi.
Xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish, shuningdek yangi turdagi va yuqori sifatli mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalarida har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Szzyansu provinsiyasi Savdo departamenti vakili Chen Syaodun Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi investitsiyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Xususan, 2025 yilda Szzyansu provinsiyasi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi import va eksport hajmi sezilarli darajada oshgani, shuningdek provinsiyaning yetakchi kompaniyalari mamlakatimizda qator loyihalarni amalga oshirishga investitsiya kiritgani qayd etildi.
Forum yakunida G2B va B2B formatlarida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijasida o‘zaro manfaatli bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tomonlar, shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan turli sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda xitoylik tadbirkorlarning O‘zbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish bo‘yicha ham kelishib oldilar.