05 Yanvar 2023

O‘zbekistonda 2022-yilning eng qimmat avtoraqami 348 mln so‘mga sotib olindi

2022-yilda onlayn-auksionlar orqali umumiy qiymati 304 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan qariyb 120 mingta avtomobil davlat raqamlari xarid qilindi. Eng qimmat raqam avtomobil egasiga 348 mln so‘m, eng arzoni 494 ming so‘mga tushgan.

2022 yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 mlrd so‘mlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi, deya xabar qildi RTXB matbuot xizmati.

Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,6 mln so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 91% jismoniy shaxslar, 9% — yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. O‘tgan davrda sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 494,9 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa — 348 mln so‘mni tashkil qildi.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 5% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 8% — ikkinchi, 8% — uchinchi, 11% — to‘rtinchi, 22% — beshinchi va 46% — oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (31%) Samarqand va Qashqadaryo (8% dan), Namangan, Andijon va Surxandaryo (7% dan), hamda Xorazm (6%) viloyatlarida xarid qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80% — Davlat budjetiga, 20% — Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.