Toshkent viloyati gubernatori Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Italiyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
Tashrif doirasida Latsio viloyati prezidenti Franchesko Rokka bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralar davomida tomonlar Toshkent va Latsio viloyatlari oʻrtasida amaliy hamkorlikni oʻrnatish masalalarini muhokama qilishdi. Italiya tomoni farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, turizm, taʼlim, qurilish materiallari ishlab chiqarish va yuqori malakali mutaxassislar uchun uyushgan mehnat migratsiyasi sohalarida Toshkent viloyati bilan hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Shuningdek, bir qator xalqaro tashkilotlar, yirik kompaniyalar va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
FAO rahbariyati bilan uchrashuvda Toshkent viloyatida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, sugʻorish tizimlarini rivojlantirish, yaylovlarni samarali boshqarish, yoshlarni ish bilan taʼminlash va goʻsht ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, mintaqa uchun FAO grantlarini koʻpaytirish va issiqxona xoʻjaligida loyihalarni ishga tushirish va hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif davomida bir qator yetakchi Italiya kompaniyalari va assotsiatsiyalari bilan bazalt tolasi ishlab chiqarish, gidroponika xomashyosi, chorvachilik va ozuqa ishlab chiqarish, chiqindilarni yig’ish va saqlash komponentlarini mahalliylashtirish, qishloq xo’jaligi texnikasi, to’qimachilik, issiqxona xo’jaligi, logistika va eksport kabi sohalarda hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida ushbu sohalarda Toshkent viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, eksport hamkorligini kengaytirish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.