O‘zbekiston Elchixonasida Misrning EBDAA biznesni rivojlantirish kompaniyasi qishloq xo‘jaligi sektori direktori Ahmad Said Mahmud bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida tomonlar agrar sohada o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini batafsil muhokama qildilar.
EBDAA vakili kompaniyaning ko‘p yillik tajribasi va faoliyat ko‘lami haqida so‘zlab berdi, shuningdek, O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va investitsiyalar kiritishga qiziqish bildirdi.
Xususan, tomonlar O‘zbekistonning unumdor tuproqlari va qulay iqlim sharoitlaridan foydalanib, yuqori sifatli mahsulot yetishtirish uchun zamonaviy agrotexnologiyalar asosida qulupnay yetishtirishni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
O‘simliklar uchun maxsus oziqlantiruvchi moddalar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshiradigan, ularning kasalliklarga chidamliligini kuchaytiradigan va tuproq unumdorligini yaxshilashga xizmat qiladigan o‘g‘itlar ishlab chiqarish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Ahmad Said Mahmud kompaniyaning O‘zbekiston bilan hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Shu munosabat bilan u istiqbolli qo‘shma ishlarni batafsil muhokama qilish uchun tegishli davlat idoralari va manfaatdor kompaniyalar vakillari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar tashkil etishni taklif qildi.
Qohira shahrida joylashgan EBDAA kompaniyasi Misrda agrosanoat majmuasi, investitsiyalar va biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalarida faoliyat yurituvchi ixtisoslashgan tashkilot hisoblanadi. U mamlakatning 12 dan ortiq provinsiyasida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish, shuningdek, tuproq unumdorligi va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga xizmat qiladigan maxsus oziqlantiruvchi moddalar hamda o‘g‘itlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, kompaniya Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarni o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlarida yirik agrar loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.