O‘zbekistonning Kuvaytdagi diplomatlari Iroqqa amalga oshirilgan xizmat safari doirasida mamlakat hamda Iroq Kurdistonining qator vazirlik va idoralari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, delegatsiya Iroq Tashqi ishlar vazirligi, Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi va Milliy investitsiya komissiyasi, shuningdek, Iroq Kurdistoni Mintaqaviy hukumati va Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar davomida ikki davlat rahbarlari va hukumatlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shartnomaviy-huquqiy bazani mustahkamlash, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi hujjatlarni kelishishni jadallashtirish, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Shuningdek, har ikki mamlakatda pilot investitsiya loyihalarini amalga oshirish, davlat-xususiy sheriklik masalalari va investitsiyalarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha axborot almashish, shuningdek, 2027-yilda Bag‘dod xalqaro ko‘rgazmasi doirasida navbatdagi “O‘zbekiston–Iroq” biznes-forumini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, Bag‘dod va Erbil shaharlarida O‘zbekiston savdo uylarini tashkil etish, O‘zbekiston mahsulotlarini Iroq va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga yetkazib berishni kengaytirish, shuningdek, bojxona hamda transport-logistika masalalari bo‘yicha axborot almashishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu yo‘nalish doirasida Iroqning “Al-Kalab” kompaniyasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, “Iroq–O‘zbekiston” Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, shuningdek, qo‘shma biznes-forumlar, B2B uchrashuvlari va biznes missiyalarini muntazam o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ishbilarmonlik aloqalarini yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda O‘zbekiston va Iroq o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.