O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Hyundai Heavy Industries Power Systems, Korea District Heating Corporation hamda Korea Institute for Climate Change kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Suhbat davomida qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan yoqilg‘i sifatida foydalanishga asoslangan kombinatsiyalashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish stansiyasi (CHP) qurish loyihasi muhokama qilindi. Tomonlar loyiha konsepsiyasi, taklif etilayotgan texnologik yechimlar, ishlab chiqariladigan issiqlikni markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimiga integratsiya qilish masalalari, shuningdek loyihani amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar “yashil” energetikani rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan mazkur loyihani hayotga tatbiq qilishga tayyorlik bildirildi.