11 Avgust 2023

O‘zbekiston Afg‘onistonga dori vositalarini davlat xaridlari orqali yetkazib berish niyatida

Agentlik direktori Ulug‘bek Egamov va Afg‘oniston milliy oziq-ovqat va farmatsevtika boshqarmasi (AFDA) raisi Abdul Bori Umar videokonferensaloqa orqali ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri, Farmatsevtikani rivojlantirish agentligi matbuot xizmatiga tayanib.

O‘zbekiston tomoni O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning Afg‘onistonda dori vositalarini davlat xaridida ishtirok etishi bo‘yicha takliflar berdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Afgʻonistonda respublika farmatsevtika mahsulotlari koʻrgazma zalini tashkil etish va oʻzbek dori vositalarini Afgʻoniston bozorida roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini tezlashtirishni ham taklif qildi.

“Muzokaralar yakunlariga koʻra, takliflar ishlab chiqish va maʼlumot almashish uchun qoʻshma texnik ishchi guruh tuzish taklifi qoʻllab-quvvatlandi, uning tarkibini yaqin vaqt ichida tasdiqlash va taqdim etishga qaror qilindi”, — deya qoʻshimcha qildi agentlik.