18 avgust 2026

O‘zbekiston Pekindagi biznes-forum doirasida Xitoy biznesini hududlardagi investitsiya loyihalariga jalb qilmoqda

O‘zbekistonning Pekindagi Elchixonasida Xitoy bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka bag‘ishlangan biznes-forum bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbir Xorijda faoliyat yuritayotgan korxonalarni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy assotsiatsiyasi (CODA) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda raqamli iqtisodiyot, yengil sanoat, farmatsevtika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, energetika, xalqaro savdo, moliya, ekologiya va logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan Xitoy kompaniyalari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, investitsiyaviy muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, erkin iqtisodiy va sanoat zonalarining imkoniyatlari, shuningdek, mamlakatning turizm salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Alohida taqdimotlar Xorazm va Sirdaryo viloyatlarining investitsiyaviy imkoniyatlari, istiqbolli loyihalar hamda xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga bag‘ishlandi.

CODA raisi Xe Chjenvey Xitoy kompaniyalarini O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlardan yanada faol foydalanishga va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.

Forum yakunlari bo‘yicha G2B va B2B formatlarida muzokaralar o‘tkazilib, qator yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va Xitoy tadbirkorlarining O‘zbekiston hududlariga biznes-missiyalarini tashkil etishga kelishib oldilar.

CODA Bosh kotibi Tszyan Yun:

— Forum O‘zbekistonning xorijiy investorlar uchun yaratgan imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot olgan Xitoy kompaniyalari uchun qiziqarli bo‘ldi. Sirdaryo va Xorazm viloyatlari haqidagi taqdimotlar orqali biz ushbu hududlardagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalarining imkoniyatlari bilan tanishdik.

«Carbon Energy Technology» Xitoy kompaniyasining xalqaro menejeri Erik Yan:

— Biznes-forum O‘zbekistonda biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan tanishish uchun muhim maydonga aylandi. Ko‘plab Xitoy tadbirkorlari O‘zbekistonga investitsiya kiritishdan manfaatdor.

Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy Xitoy texnologiyalarini qo‘llashga tayyormiz.

«Shanghai SUS Environment» korporatsiyasining mintaqaviy bosh direktori Gao Veychjun:

— Kompaniyamiz O‘zbekiston hududlarida chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya olish bo‘yicha investitsiya loyihasi ustida ishlamoqda. Obyektlar qurilishini yakunlab, ularni yil oxirigacha to‘liq ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.

O‘zbekiston tomonidan loyihalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildiraman.

Bugungi biznes-forum mamlakatingizdagi yangi biznes loyihalari haqida ma’lumot olish imkonini berdi. Hamkorligimiz uzoq muddatli va xalqlarimiz uchun manfaatli bo‘lishiga ishonaman.