08 May 2024

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Birmingemga yetkazib beriladi

Elchi Ravshan Usmonov Birmingem Savdo-sanoat palatasi prezidenti Nosir Avan bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” muxbiri.

1813-yilda tashkil etilgan Birmingem Savdo-sanoat palatasi mamlakatdagi eng nufuzli tashkilotlardan biri hisoblanadi. Palata mintaqadagi kompaniyalar o‘rtasida xalqaro aloqalarni saqlash, rivojlantirish va o‘rnatishga yordam beradi. Ayni paytda tuzilmaga turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 3 ming 100 dan ortiq yirik korxona aʼzodir.

Tomonlar yengil va kimyo sanoati, muqobil energiya manbalari, savdo-sotiq sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ikki mamlakat iqtisodiy zonalari va sanoat parklari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Birmingem bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, B2B formatida uchrashuvlar tashkil etish va Britaniya kompaniyalarining Oʻzbekistonga savdo missiyalarini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.