Oʻzbekiston elchisi Sardor Rustambaev Hindiston Savdo va sanoat vazirligida muzokaralar oʻtkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar, xorijiy ishbilarmon doiralar vakillarining sarmoyaviy faoliyati uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, eksportbop mahsulotlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston va Hindiston kompaniyalari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, farmatsevtika, to‘qimachilik, charm sanoati, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarga ilg‘or texnologiya va innovatsiyalar, bilim va ko‘nikmalarni jalb etish uchun jozibador imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun foydalanilmagan ko‘plab imkoniyatlarga e’tibor qaratgan holda, tovarlarning o‘zaro harakatini faollashtirish uchun bojxona to‘lovlari, tarif va notarif talablarini yumshatish muhimligini qayd etdilar.
Hindiston Savdo va sanoat vazirligi bo‘lim boshlig‘i Satya Srinavas ushbu mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ishbilarmonlik faolligi uchun yaratilgan keng imkoniyatlarni ijobiy baholashini, bu esa o‘zaro tovar ayirboshlash va savdo hajmini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. iqtisodiy munosabatlar yangi bosqichga ko’tarildi.
Muzokaralar chog‘ida bank-moliya, transport-logistika va boshqa sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazishning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.