04 May 2023

Farg‘onada Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilarining sanoat texnoparki tashkil etiladi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov viloyatda investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirayotgan 15 nafar koreyalik ishbilarmonlar guruhini qabul qildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati mutasaddilari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning joriy yil 27-30-mart kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida Janubiy Koreya tadbirkorlari bilan Seul shahrida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Farg‘ona shahridagi “Ekositi” kichik sanoat zonasi hududida “Koreya ishlab chiqaruvchilari sanoat texnoparki”ni tashkil etish va Koreyaning Inense, Herbtherapy, Juno cosmetics, Samhee (kosmetika), Techon System, Korea Electric Lighting (avtonom lampalar), Yeowoon (zargarlik buyumlari), Daeha Solutech (kabel ishlab chiqarish), Juil (yong’indan himoya qilish uskunalari) va boshqa korxonalarini joylashtirish to‘g‘risida imzolandi. 

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mazkur kompaniyalar rahbarlari va boshqa bir qator investorlar ishtirok etdi.

Janubiy koreyalik ishbilarmonlar kun davomida viloyat salohiyati haqida yetarli ma’lumot olganini ta’kidlab, o‘z loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ular Seulda boʻlib oʻtgan muzokaralarda Fargʻona shahridagi “Ekositi” majmuasining tegishli kichik sanoat zonasi hududida “Koreyalik ishlab chiqaruvchilar sanoat texnoparki”ni tashkil etish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga kirishishlarini maʼlum qildi.