10 Noyabr 2022

Guanchjouda avtomobilsozlik sohasidagi Oʻzbekiston-Xitoy oʻzaro manfaatli hamkorligi masalalari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulligi vakillari Xitoyning yirik kompaniyasining O‘zbekistondagi o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish va hamkorlik istiqbollarini aniqlash maqsadida GAC ​​ISC avtomobilsozlik kompaniyasi bosh menejeri Cheng Xebin bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda Xitoy tomoniga mamlakatimizda, jumladan, avtomobilsozlik sohasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Cheng Xebin GACning xorij bozorlariga chiqish bo‘yicha olib borayotgan harakatlari haqida gapirdi. U O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganini alohida ta’kidladi.

“Korxonamiz kelgusida ishlab chiqarish va sotish hajmini yiliga 5 milliondan ortiq avtomobilga oshirishni rejalashtirmoqda. Biz “butun dunyo bo‘ylab odamlarning mobil hayotini yaxshilash uchun qiymat yaratish”ni davom ettirishga intilamiz va shu munosabat bilan sizlarni zavodimizga tashrif buyurib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini muhokama qilishga taklif qilamiz”, — dedi Xitoy kompaniyasi bosh menejeri. 

O‘z navbatida, O‘zbekiston bosh konsuli Otabek Valiev Xitoy kompaniyasiga biznes ochish va GAC ​​yuqori texnologiyali tijorat elektromobillarini O‘zbekistonda yig‘ish imkoniyatlarini o‘rganishni taklif qildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro hamkorlikning yanada aniq yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonning manfaatdor korxonalari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldilar.