23 oktabr 2026

Xitoyning Xunan provinsiyasida O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati taqdim etildi

O‘zbekiston Bosh konsulligi diplomatlari Xitoyning Changsha shahrida «Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqalararo savdo-iqtisodiy hamkorlik» forumi doirasida mamlakatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini taqdim etdilar, deb xabar beradi «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirda Xunan provinsiyasida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi. Diplomatlar O‘zbekiston hududlari va iqtisodiyotning asosiy o‘sish drayverlari salohiyati, tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay muhit, shuningdek, xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirish taklif etilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berdilar.

Forum doirasida mahalliy kompaniyalar bilan o‘tkazilgan muzokaralarda «yashil» energetika, qurilish, konchilik sanoati hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonga biznes missiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.