[widget id="qtranslate-2"]
04 may 2023

Maskatda Namangan viloyatida pandemiya sababli toʻxtatilgan investitsiya loyihasini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi

Mamlakatimiz elchixonasi vakillari Ummon poytaxtida “Al Hamdani Group” kompaniyasi rahbari Abdulla al-Hamdaniy bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

2005-yilda tashkil etilgan «Al Hamdani Group» Ummon Sultonligidagi eng tajribali sarmoyaviy kompaniyalardan biri hisoblanadi va uning asosiy strategiyasi qishloq xoʻjaligi, logistika, neft va gaz, savdo, biznesni kengaytirish, bank ishi, yirik binolar qurish, mehmonxona majmualaridir.

2019-yilda Namangan viloyati hokimligi va “Al Hamdani Group” o‘rtasida Namangan viloyati Chortoq tumanida sog‘lomlashtirish markazi va mehmonxona qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi. Biroq, 2020-yilda pandemiya tarqalishi sababli ushbu loyihani amalga oshirish vaqtincha to’xtatildi.

Suhbat avvalida Abdulla al-Hamdaniy O‘zbekiston xalqini 30-aprel kuni Konstitutsiyaviy referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi va ushbu muhim siyosiy jarayon mamlakat tarixida yangi davrni boshlab berishiga ishonch bildirdi. 

«Al Hamdani Group» rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan murakkab geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyatga qaramay, O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan samarali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy siyosat xorijiy investorlarning mintaqaga qiziqishini oshirmoqda.

Shu munosabat bilan kompaniya 2019-yilda mamlakatimizda, jumladan, Namangan viloyatida boshlangan loyihalarni davom ettirish, yangi takliflarni o‘rganish va mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda yaqin oylarda O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.