Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Bobur Xodjayev hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun: Yaponiya xalqaro hamkorlik banki – 1999-yil 1-oktabrda Yaponiya eksport-import banki va Xalqaro iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasining qo‘shilishi natijasida tashkil etilgan davlat moliya instituti. Tashkilotning asosiy maqsadi xorijiy investitsiyalar uchun resurslarni ta’minlash va xalqaro savdoni osonlashtirish orqali Yaponiya hamda xorijiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdir.
Xorijiy tomondan Yaponiya bankining yuqori lavozimli xodimlari, jumladan, Uyematsu Yosixiro, Kavamoto Xiroki, Imai Ken, Itagaki Ayaka va boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdi.
Uchrashuvda JBIC bilan hamkorlik doirasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha yangi ijtimoiy ahamiyatga ega xalqaro DXSh loyihalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Yaponiyaning yetakchi kompaniyalaridan iqtisodiyotning turli tarmoqlariga investitsiya jalb etish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.