24 mart 2026

ISSV vaziri o‘rinbosari Xitoyning «LEO Group» kompaniyasi Direktorlar kengashi raisi bilan uchrashdi

ISSV vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «LEO Group» kompaniyasi Direktorlar kengashi raisi Van Syanfszyun bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralarda O‘zbekistonda zamonaviy nasos uskunalarini ishlab chiqarish va suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari batafsil muhokama qilindi. Xususan, DXSH tamoyillari asosida nasos stansiyalarini qurish istiqbollari, shuningdek, ilg‘or muhandislik va texnologik yechimlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus texnopark tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar belgilangan loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish va ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlashga tayyorliklarini bildirdilar. «LEO Group» texnologiyalarining joriy etilishi suv resurslarini boshqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish hamda respublika hududlaridagi mavjud irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish imkonini berishi kutilmoqda.

1995-yilda asos solingan «LEO Group» kompaniyasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va nasos tizimlari ishlab chiqarish sohasida Xitoy yetakchilaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda korporatsiya nasos uskunalari ishlab chiqaruvchi dunyodagi 5 ta eng yirik kompaniyalar qatoriga kiradi va o‘zining yuqori sifatli mahsulotlarini dunyoning ko‘plab mamlakatlariga yetkazib bergan holda XXR ichki bozorida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.