OECDning Yevrosiyo haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamda OECD o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati. Ushbu hujjat mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining yangi bosqichini boshlab beradi.
Memorandum 19 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi – investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli transformatsiya, korrupsiyaga qarshi kurash hamda “yashil” energetikani rivojlantirish. Natijada o‘zbek biznesi OECD tahlillari va ilg‘or xalqaro tajribalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lib, bu raqobatbardoshlikni oshiradi va investorlar ishonchini mustahkamlaydi.
O‘zbekiston, shuningdek, 50 dan ortiq davlat tomonidan e’tirof etilgan OECDning Xalqaro investitsiyalar va ko‘pmillatli korxonalar to‘g‘risidagi Deklaratsiyasiga qo‘shilish uchun ariza topshirdi. Bu mamlakatning global reytinglardagi o‘rnini mustahkamlab, investorlar uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi.
Hamkorlik doirasida ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Forum doirasida ishtirokchi davlatlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ular O‘zbekistonga biznes-missiyalar tashkil etish va 2026-yil 16–19-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.