29 aprel 2026

German Investment Navigator platformasi doirasida O’zbekiston va Germaniya o’rtasidagi investitsiya loyihalarining bugungi holati yuzasidan muzokaralar bo’lib o’tdi

Qo’shma tashabbuslarni amalga oshirish bosqichlarini monitoring qilish va muntazam tahlil qilib borishga mo’ljallangan German Investment Navigator platformasi doirasida O’zbekiston va Germaniya o’rtasidagi investitsiya loyihalarining bugungi holati yuzasidan muzokaralar bo’lib o’tdi, deb xabar qilmoqda ISSV matbuot xizmati.

Mazkur tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o’rinbosari Akram Aliyev hamda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo’mitasi ijrochi direktori Mixael Xarms ishtirok etdi.

Tomonlar 40 ga yaqin yirik loyihaning ijro etilish jarayonini atroflicha ko’rib chiqdilar. Platforma mexanizmlari yordamida loyihalarning joriy holati va yuzaga kelayotgan masalalar o’rganilib, belgilangan muddatlarga rioya etish hamda jarayonlarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu uchrashuv O’zbekiston-Germaniya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik ko’rish hamda biznes vakillari o’rtasidagi to’g’ridan-to’g’ri muloqotni mustahkamlashda muhim qadam bo’ldi. Hamkorlar o’zaro aloqalarni kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.