“Polsha-Osiyo” savdo-sanoat palatasida o‘zbekistonlik diplomatlarning Polshaning yetakchi banklaridan biri “Bank Pekao SA” rahbariyati va palataga a’zo kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Uchrashuvda Polshaning import-eksport operatsiyalariga ixtisoslashgan «Seneka Poland», «P.H. Royal Sp. z.o.o.», «Everest Work Solution» va boshqa kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston elchixonasi taqdimotida O‘zbekiston-Polsha hamkorligining holati va istiqbollari, mamlakatimizning iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Polsha bosh vazirining sobiq oʻrinbosari, “Polsha-Osiyo” savdo-sanoat palatasi raisi Yanush Piechochinskiy joriy yilning aprel oyida boʻlib oʻtgan Ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki va xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonda umumxalq referendumining monitoringi haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha O‘zbekistondagi jadal o‘zgarishlar va rivojlanish jarayonlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Respublikani rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha keng qamrovli dastur Polsha biznesi bilan hamkorlikni kengaytirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘lib, har ikki tomon uchun ham foydalidir.
Poloniya ittifoqi fondi rahbari Edgard Skarzinski o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining Polsha va Yevropa Ittifoqiga eksporti ortib borayotgani o‘zaro samarali harakatlarning o‘ziga xos namunasi ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Polshadagi xalqaro ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etayotgani shartnomalar sonini sezilarli darajada oshirmoqda.
“Bank Pekao SA”ning Xalqaro bank operatsiyalari va eksportni moliyalashtirish departamenti direktori Dmitriy Kushnerov bank O‘zbekiston “Asakabank”, “Xalq bank” va “Ipoteka-bank” bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shuningdek, u O‘zbekiston hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan loyihalarga Bank Pekao SA tijorat kredit liniyalarini jalb qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi va G2G formatidagi muzokaralar orqali Mikrokreditbank bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.